O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamkorlikning muhim bosqichi
2018-01-04 | Siyosat
Hozirgi kunda IIV Akademiyasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida etakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan bu borada tajriba almashish, hamkorlikda ta’lim dasturlari ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish, professor-o’qituvchilar tarkibini malakasini oshirish va stajirovka o’tashini tashkil qilish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur ustuvor vazifalarning ijrosi yuzasidan 2017 yilning 26‒29 dekabr kunlari IIV Akademiyasi delegatsiyasi a’zolari Xitoy Xalq Respublikasida bo’lib, ularning Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligiga qarashli oliy ta’lim muassasalariga tashriflari tashkil etildi. Tashrifdan ko’zlangan maqsad kadrlar tayyorlash borasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, o’zaro tajriba almashish bo’ldi.
Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligining Xitoy xalq politsiyasi universitetiga tashrif davomida universitet boshlig’i Tsao Shitsyuan va xodimlari bilan rasmiy uchrashuv bo’lib o’tdi. Tadbirda Xitoy xalq politsiyasi universiteti va O’zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi o’rtasida (2017 yil 15 may, Pekin sh.) tuzilgan hamkorlik to’g’risidagi Memorandum ijrosi bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusida bajarilishi rejalashtirilayotgan vazifalar yuzasidan muzokaralar olib borildi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi universitetining ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida, Universitet kutubxonasi, o’q otish elektron tiri, modulyatsiya va simulyatsiya markazi hamda sport kompleksida bo’lib, o’quv mashg’ulotlarida qatnashishdi.
Delegatsiyasi a’zolari Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligining Lanfan shahridagi Qurolli politsiya akademiyasiga ham tashrif buyurdilar. Tashrif davomida mazkur ta’lim muassasasi rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv bo’lib, unda ta’lim muassasalari o’rtasida hamkorlik o’rnatish va o’zaro tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Qurolli politsiya akademiyasining o’quv jarayonini boshqarish markazi, ilmiy laboratoriyalar, sport maydonlari va amaliy mashg’ulotlar markazining faoliyati bilan ham yaqindan tanishidilar.
Amaliy ahamiyatga ega bo’lgan ushbu tashriflar davomida hamkorlikda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, o’qitish va ta’lim texnologiyalari, ilmiy tadqiqotlar sohasidagi dastur va loyihalarni amalga oshirish to’g’risida muhim kelishuvlarga erishildi.