O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Surxondaryoda 140 imkoniyati cheklangan oila yangi yilni yangi uyda nishonlaydi

2017-12-31 | Jamiyat

Tinch-xotirjam, obod va osuda turmush kechirishga bo‘lgan ishtiyoq insonni yaxshi mehnat qilish, uy-joy barpo etish va ro‘zg‘orini butlashdek ezgu ishlarga undaydi. Shu asosda farovon hayot kechirishga intiladi. Biroq oramizda ayrim insonlar borki, imkoniyati cheklangani bois, o‘z uyiga ega bo‘lish ular uchun bir umr ushalmas orzu bo‘lib tuyuladi.

Inson manfaati va uning sha’ni oliy qadriyat hisoblangan mamlakatimizda ana shunday odamlarga mehr-muruvvat, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning go‘yo ushalmas orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Shu maqsadda shaharlarda ko‘p qavatli arzon va shinam turar joy binolari, qishloqlarda yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi arzon uy-joylar qurilmoqda. Bunday ulkan bunyodkorlik-yaratuvchanlik ishlari asnosida ko‘plab imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning orzu-istaklari ro‘yobga chiqayotir. Yakunlanayotgan yilda Termiz shahrida zamonaviy qulayliklarga ega 7 qavatli beshta arzon turar joy binosi qurilib, foydalanishga topshirilgani, qishloqlarda 1000 dan ortiq yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi arzon uy-joy qad rostlagani buning yorqin dalildir. Shuningdek, odamlarning turar joyga talabi o‘rganilib, 16 mingga yaqin oilaga uy-joy qurish va yordamchi xo‘jalik yuritish uchun to‘rt sotixdan yer maydoni ajratib berilgani ham ehtiyojmand va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratilganiga yaqqol misoldir.

Yangi yil bayrami arafasida viloyatda bir guruh imkoniyati cheklangan fuqarolarga Prezident sovg‘asi – zamonaviy uylar kaliti topshirilgani ham xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik, ezgulik singari go‘zal fazilatlarimizni yanada keng namoyon etib, nogironligi bo‘lgan shaxslarda Vatandan g‘urur-iftixor tuyg‘usini kuchaytirmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlariga murojaatida mamlakatimizda arzon va sifatli uy-joylar qurish izchillik bilan davom ettirilib, 2018 yilda joriy yilga nibatan namunaviy va arzon uy-joylar qurishni 1,5 baravarga ko‘paytirishning aniq rejasi belgilab berilgani aholi, ayniqsa, yosh, ehtiyojmand oilalar va imkoniyati cheklangan insonlarda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonchni mustahkamlamoqda.

Jumladan, yangi yilda birgina Termiz shahrida 10 dan ortiq yetti qavatli arzon turar joy binosi bunyod etiladi. Qishloqlarda uy-joyga muhtoj minglab oilalar yangilangan loyihalar asosidagi zamonaviy massivlarda uy to‘ylarini o‘tkazadi. Bu xalqimizning ko‘p yillar davomida to‘planib qolgan hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor ifodasidir.

Denov tumanidagi Vodiy massivida 15 imkoniyati cheklangan fuqaroga yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joylar tantanali topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati xodimlari, viloyatdagi Xalq qabulxonalari rahbarlari, tuman hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, imkoniyati cheklangan shaxslar va ularning qarindoshlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq manfaatlarini ta’minlab, hayot darajasini yuksaltirishga qaratilgani alohida ta’kidlandi.

Yangi massivda yangilangan namunaviy loyihalar asosida ikki, uch va to‘rt xonali 450 zamonaviy uy qurilib bitkazildi. Yangi uylarning 15 tasi ehtiyojmand fuqarolarga berildi.

– Ko‘p yillar aloqa sohasida mehnat qildim, – deydi Denov tumanidagi Istiqbol mahallasida yashovchi M.Qutliyeva. – Taqdir ekan, yetti yilcha muqaddam avtohalokat tufayli nogiron bo‘lib qoldim. Uch farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im bilan ajrashib ketganmiz. Ko‘p yillardan buyon qayin singlimning bir xonali uyida ijarada yashayotgan edik. Mahalla faollari ko‘magi bilan menga zamonaviy tikuv mashinasi berishdi. “Xayrabodpaxta” aksiyadorlik jamiyatiga kasanachilik asosida ishga qabul qilishdi. Mana, bugun barcha sharoitlarga ega uch xonali uyga ham ega bo‘ldim. E xudoyim, bundan ortiq baxt bormi? Bizdek nogironlar, muhtoj fuqarolar boshini silab, ko‘nglini ko‘tarayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Shu kuni viloyatning Uzun, Sariosiyo, Oltinsoy, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlaridan imkoniyati cheklangan 45 fuqaro taklif etilib, ularga ham o‘zlari yashayotgan hududda qad rostlagan yangi uylar kaliti topshirildi.

Sariosiyo tumanidagi Aeroport mahallasida yashovchi imkoniyati cheklangan B.Melikamolovlar oilasi ham uch xonali uy kalitini oldi. Yangi yil bayrami arafasidagi bu sovg‘adan, ayniqsa, Bahodirning turmush o‘rtog‘i Mahfuza Mamatqulova behad mamnun.

– Bu oilaga kelin bo‘lib tushganimga uch yildan oshdi, – deydi M.Mamatqulova. – Ko‘p qavatli uyning uch xonali xonadonida qaynotam, qaynonam va turmush o‘rtog‘imning bir etak uka-singillari bilan yetti jon yashayotgan edik. Yosh kelin-kuyovning bunday sharoitda yashashi sal ung‘aysiz bo‘larkan. Yaratganga shukr, endi o‘z uyimiz bor. Yangi uyda barcha qulaylik muhayyo. Yotoqxona ham, mehmonxona va oshxona ham jihozlangan. Barchasi uchun boshim yerga tekkuncha ta’zim qilaman.

Uzun tumanidagi Yangi turmush mahallasida yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uylardan 9 tasi tumanda istiqomat qilayotgan imkoniyati cheklangan fuqarolarga ajratildi.

– Keksalarning yetti muchang sog‘ bo‘lsin, deb duo qilishida chuqur ma’no bor ekan, – deydi Uzun tumani Do‘stlik mahallasida istiqomat qilayotgan I guruh nogironi S.Isayev. – Mana, oila qurganimga o‘n yilcha bo‘ldi. Lekin yigit sog‘lom bo‘lmasa, uy-joy qurish faqat orzu bo‘lib qolaverarkan. Mehnat qilishga qurbim yetmaydi. Shu bois, oila qurganimdan buyon ijarada yashab kelmoqda edik. Guldek bir o‘g‘il, ikki qizimiz bor. Ular ham yil sayin ulg‘ayib bormoqda. So‘nggi yillarda farzandlarimiz ham bizdek ijarada yashab o‘tarmikan, tarbiyasi qanday bo‘lar ekan, deya ko‘p o‘ylaydigan bo‘lib qolgandim. Bizga zamonaviy jihozlangan uch xonali uyning kalitini topshirgan davlatimizdan cheksiz minnatdormiz. Uyimizning ikki sotix yer maydoni ham bor. Bu yog‘iga biz farzandlarimizni mana shunday obod Vatanga munosib etib tarbiyalashga so‘z beramiz.

Shu kuni bir guruh ehtiyojmand oilalarga Qorbobo va Qorqiz ishtirokida kattalar va bolalar nogironlik aravachasi, maishiy texnika buyumlari sovg‘a qilindi. Vatanni, osuda hayot va farovon turmushni, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Viloyatda imkoniyati cheklangan fuqarolarga yangi uylarning kalitini topshirish davom etmoqda.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Поделиться