O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent viloyatida 255 nafar profilaktika inspektoriga xizmat uyi va avtomashina topshirildi
2017-12-31 | Jamiyat
Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida viloyat ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyod qilish marosimi o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatdagi yana 255 nafar profilaktika inspektoriga xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan avtomashina kaliti topshirildi.
Angren shahrining chekka hududida joylashgan “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholi tinchligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan profilaktika inspektori Nodir Usmonaliyevga ham ushbu hududda zamonaviy xizmat uyi va yengil avtomashina berildi.
– Oilam bilan Yangi yilni yangi xonadonda nishonlaydigan bo‘ldik, – deydi Angren shahridagi 32-tayanch punkti profilaktika inspektori, leytenant Nodir Usmonaliyev. – Har kuni ertalab o‘zimga biriktirilgan hududga 40 kilometr uzoqdan qatnar edim. Yangi uyimiz mahalla markazida joylashgan bo‘lib, endi hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar yanada samarali bo‘ladi. Ayni paytda “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘inida 5 ming 800 aholi istiqomat qiladi. Bayram kunlarini tinch va osoyishta o‘tkazish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar olib boryapmiz.
Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan 615 profilaktika inspektori o‘z hududida aholi xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda jamoatchilik tashkilotlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
A.Musayev, O‘zA