O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Haj-2018” mavsumi narxi haqida
2017-12-29 | Jamiyat
Hozirgi kunda internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida Haj mavsumining narxi masalasida bildirilgan ma’lumot fuqarolar orasida turli xil asossiz muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasida Haj va Umra mavsumlarini namunali tashkil etish ishlari “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirildi.
Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vaziri bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvdan so‘ng boshlanadi. Ushbu uchrashuvda haj mavsumini namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazish masalalari muhokama qilinadi.
(2017 yilda Rahbariyat ko‘rsatmasiga asosan ziyoratchilar soni 7200 nafar etib hamda Ikkinchi jaxon urushi qatnashchilarini davlat tomonidan imtiyozli ravishda yuborish belgilandi hamda mamlakatimizdan jami 7350 nafar fuqarolarimiz Haj ziyoratini amalga oshirib qaytdilar).
Hozirgi kunda Saudiya Arabistoni Podshohligi O‘zbekiston tomonining haj va umra ishlarini tashkillashtirishi, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlarini yuqori baholab, dunyoning rivojlangan mamlakatlari Turkiya, Malayziya, Indoneziya davlatlari qatorida ekanligini ta’kidlamoqda.
Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun soha mutaxassislaridan iborat 230 nafar malakali ishchi guruhi, guruh rahbarlari, tibbiyot guruhi, oshpazlar guruhi safarbar etiladi. Marzkur ishchi guruhi haj mavsumida ziyoratchilarning ibodatlarini emin-erkin va to‘la-to‘kis amalga oshirishlarini ta’minlaydilar.
Shuningdek, ziyoratchilarimizga muqaddas shaharlarda joylashgan eng zamonaviy hamda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar nafaqat mehmonxonalarda balki, Mino-Muzdalifa-Arafot vodiylarida ham uch mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy va tibbiy xizmat bilan ta’minlanadilar. Bu xizmatlar qo‘pgina boshqa davlatlar ziyoratchilariga ko‘rsatilmaydi.
Yanvar oyida “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ziyoratchilar tomonidan to‘lanadigan mablag‘ muhokama qilinadi va narxi belgilanadi.
Shuningdek, 2018 yilgi Haj mavsumi ziyoratchilarini saralashda uning moddiy va jismoniy jihatdan “Haj” safariga tayyorligi, avval Hajga bormaganligi, islom dini va Haj ibodati haqidagi tushunchalari, ma’naviyati, ma’rifati va odob-ahloqi, mahalladagi obro‘-e’tibori, oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Fuqarolarimizdan mazkur masalalarda mutasaddi vazirlik va idoralar bergan ma’lumotlarga e’tibor qaratishlarini har qanday noxolis ma’lumotlarga ishonib ketavermasliklarini tavsiya etamiz.