O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Ukraina yong‘oq yetishtiruvchilar Assotsiatsiyalari o‘zaro hamkorlik qilishadi
2017-12-29 | Iqtisodiyot
O‘zbekistonda mahalliy tabiiy- iqlim sharoitiga moslashgan zamonaviy, hosildorligi yuqori bo‘lgan yong‘oqzorlarni barpo etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar Kiyevda tashkil etilgan“Freshbusinessexpo -2017” ko‘rgazmasi hamda “Rentabelli zamonaviy yong‘oqzorlar barpo etishdagi yangiliklar. Yangi agrotexnologiya, navlar, iqtisodiyot” mavzuiga bag‘ishlangani xalqaro konferentsiya ishtirokchilari tomonidan muhokama etildi.
Ikki kun davom etgan ko‘rgazma va konferentsiya doirasida intensiv bog‘lar yaratish texnologiyalariga yangicha yondoshuv, ilg‘or uslublar, rentabellikni oshirishning samarali dasturlari, yong‘oq va funduk bog‘larini yaratish, ularni parvarishlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, yong‘oq mahsulotlarini qayta ishlash, sotish va eksport qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston yong‘oq eksportyorlari va ishlab chiqaruvchilari Assotsiatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar. Ko‘rgazmada O‘zbekistonda yetishtirilgan yong‘oq, pista va bodom namunalari taqdim qilindi.
Respublikamizda bu sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami bilan tanishgan Ukraina agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat vazirining o‘rinbosari V.Sheremeta quyidagi fikrlarini bayon etdi:
- O‘zbekiston rahbariyati tomonidan respublikada yong‘oqchilikni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Yong‘oq eksportyorlari va ishlab chiqaruvchilari Assotsiatsiyasi tashkil etilgan, bu sohada erishilgan ilmiy-texnikaviy muvaffaqiyatlarni amaliyotda qo‘llashga katta e’tibor qaratilmoqda, yong‘oq yetishtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi, yong‘oq logistika markazi va boshqa tuzilmalar tashkil qilinmoqda. Muxtasar qilib aytganda, bu yo‘nalishda O‘zbekiston-Ukraina hamkorligining istiqboli porloqdir.
Ukraina yong‘oq assotsiatsiyasi a’zolarida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga qiziqish kuchaygan. Mazkur tashkilot kengashining raisi V.Paxno ikki mamlakat assotsiatsiyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolanganini ma’lum qildi.
Shuningdek, V.Paxno 2018 yilda Toshkentda yong‘oqchilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma konferentsiya o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifni ham ilgari surdi.