O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Energiya tizimini yanada takomillashtirishdayangi qadam

2017-12-29 | Jamiyat

Prezident tashrifidan so‘ng...

Bugungi kunda uyda bir kun chiroqsiz o‘tirishni tasavvur qila olamizmi? Qiyin-a? Uy qandaydir fayzsiz, zerikarli ko‘rinib ketadi, yuragimiz siqilib, darrov mutasaddi tashkilotlarga qo‘ng‘iroq qilib, qachon chiroq kelishini surishtirib qolamiz.
 
Endi bu vaziyat bironta yirik tashkilot yo ijtimoiy muassasa – masalan, maktab, shifoxona, ishlab chiqarish korxonasida yuz bersa-chi? Uning oqibatida kelib chiqadigan iqtisodiy-ijtimoiy zararni hisoblab ko‘ravering. Ha, bugungi zamonda elektr energiyasining bir muddat uzilishi qanchadan-qancha asabbuzarliklar, shovqin-suronlaru o‘rnini qoplash mushkul bo‘lgan ziyonlarni yetkazishi bor gap. Buni, yaqinda Atlantada dunyodagi eng katta aeroportlardan birida elektr energiyasi uzilishi oqibatida barcha parvozlar bekor qilingani, bir necha bo‘limlarning ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, yo‘lovchilarni samolyot va terminallardan olib chiqish uchun aeroport xodimlari ovora bo‘lganida ham ko‘rish mumkin.
 
Energetika – mamlakat iqtisodiyotining muhim tayanch tizimi hisoblanadi. Yurtimizdagi yirik, zamonaviy texnologiyalar asosida energetika korxonalarining rekonstruksiya va modernizatsiya qilinib, yangilari barpo etilayotgani, yuksak samarali texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash, energiya resurslarini tejashga alohida e’tibor qaratilayotgani milliy energiya tizimini yanada takomillashtirish va uni sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarish imkonini bermoqda. 

Yaqinda ishga tushirilgan Toshkent issiqlik elektr stansiyasining yangi bug‘-gaz qurilmasi ham ana shu maqsadga xizmat qiladi.
 
– Prezidentimiz stansiyamizga tashrif buyurib, yangi zamonaviy bug‘-gaz qurilmasining imkoniyatlari va afzalliklari bilan tanishdi, tejamkor texnologiyalardan foydalanish zamon talabi ekani, bu kabi zamonaviy loyihalarni ko‘proq joriy etish zarurligini ta’kidladi, – deydi stansiya boshqarma boshlig‘i L.Nurullayev. – Darhaqiqat, mazkur qurilmani barpo etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aholini elektr energiyasi bilan muntazam ta’minlash va mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlash, tabiiy gazdan tejamkor foydalanish va atrof-muhitga chiqariladigan zararli gazlarni kamaytirishdan iborat.
 
Ushbu obyekt qurilishi va ishga tushirilishida Slovakiyaning "Synecta a.s" va "Istroenergo group a.s" kompaniyalar uyushmasi, Polshaning "SNC Lavalin Polska, Sp.zo.o" sho‘ba uyushmasi bilan hamkorlik qilindi. Mazkur loyihani amalga oshirishda AQSh, Italiya, Belgiya, Rossiya, Avstriya singari davlatlarning yetakchi kompaniyalari qatnashdi. 

Xususan, quvvati 250 megavattlik gaz va 120 megavattlik bug‘ turbinalari "General Electric" (AQSh), soatiga 274,5 tonna bug‘ ishlab chiqarish quvvatiga ega qozon utilizator "CMI Hidrojeniks" (Belgiya) kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan. Shuningdek, “O‘zkabel”, “O‘zelektroapparat”, Chirchiq transformator zavodi kabi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahalliy mahsulotlardan ham keng foydalanildi. 

Korxonaning ilk energobloki 1963-yilda foydalanishga topshirilgan. 1971-yilga kelib ularning soni 12 taga yetgan. Har bir energoblokning quvvati 150-160 megavatt, stansiyaning umumiy belgilangan quvvati 1 ming 860 megavattni tashkil etadi. 

Yangi bug‘-gaz qurilmasi foydalanishga topshirilishi bilan qo‘shimcha ravishda yiliga 2,6 milliard kilovatt soat elektr energiyasi, shuningdek, 110 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. 

Eski bloklarni ishga qo‘shishning o‘ziga 2,5-3 soat vaqt ketar, soatiga 43-45 ming kubometr yoqilg‘i sarflanar edi. Yangi bug‘-gaz qurilmasining afzalligi uni ishlatish va boshqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, 20-30 daqiqada qurilma ishga tushadi va tez yuklama olgani bois ortiqcha yoqilg‘i sarflanishiga deyarli barham berildi. Amaldagi energiya bloklarida 1 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun sarf qiladigan shartli yoqilg‘ining miqdori 425-427 g/kilovatt soatni tashkil etgan bo‘lsa, zamonaviy qurilmada bu miqdor ikki baravarga qisqardi. Buning natijasida yiliga 350,9 million kubometr tabiiy gaz tejaladi. 

– Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi qurilmani o‘zlashtirish va uning barqaror ishlashini ta’m 
inlashda yosh mutaxassislarning o‘rni katta, – deydi bosh muhandis o‘rinbosari Tohir Serikboyev. – Bug‘-gaz qurilmasida o‘ttizdan ziyod mutaxassis faoliyat yuritmoqda, ularning 24 nafari Navoiy issiqlik elektr stansiyasi va Yaponiyada malaka oshirib kelgan yosh mutaxassislardir. Ularning bilim va tajribasi mazkur qurilmani samarali ishlatishda qo‘l kelmoqda. 

Yangi bug‘-gaz qurilmasida soatiga 370 megavatt elektr, 113 gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Energiya ishlab chiqarilganda yillik o‘rtacha foydali ish koeffitsenti 56,7 foizga teng. 

Mazkur qurilmaning ishga tushirilishi energetika sohasining salohiyatini yanada mustahkamlash, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilash, yangi iqtisodiyot va sanoat, ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etish, aholi va tarmoqlarni elektr va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.

 

Bayram Aytmurodov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA

Поделиться