Prezidentimiz farmoniga muvofiq bir qator yurtdoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinmoqda. Navoiy viloyatida ham 2017-yilda 70 nafar yurtdoshimiz fuqarolik pasportiga ega bo‘ldi.
Navoiy shahrida yashovchi bir oilaning birdaniga uch a’zosi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. Shu munosabat bilan ularni viloyat hokimi Q.Tursunov tabrikladi.
– Bugun biz uchun unutilmas kun bo‘lib qoladi, – deydi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli 3-avtokorxona xodimi Sh.Sulaymonova. – Ikki yoshimdan buyon O‘zbekistonda yashayman, shu yerda unib-o‘sdim. Lekin fuqarolik pasportim yo‘qligi men uchun armon edi. Hayotimdagi eng katta orzularimdan biri ushaldi. Onam, men va akam O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘ldik. Bunday imkoniyatni taqdim etgan Prezidentimizdan minnatdormiz.
Sh.Sulaymonovaning onasi H.Melixonova ko‘p yillar hokimlik tizimidagi idoralarda ishlab, nafaqaga chiqqan. Farzandlarini yurt koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalagan onaning ham quvonchi cheksiz. O‘g‘li U.Sulaymonov tadbirkor sifatida faoliyat yuritib, el-yurt farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilmoqda.
Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA