O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Prezidentning samimiyat bilan aytgan so‘zlari menda katta taassurot qoldirdi”
2017-12-28 | Jamiyat
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnomasiga o‘z munosabatini bildirar ekan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor shunday dedi.
- Ushbu murojaat mazmuni O‘zbekiston jamiyatining barcha qirralarini qamrab oldi. Unda joriy yilda erishilgan muvaffaqiyatlar tahlil qilingani barobarida 2018-yilning ustuvor yo‘nalishlari ham bayon etildi.
Davlat rahbari bildirgan juda ko‘p fikrlar YeXHT doirasidagi faoliyat bilan yaqindan bog‘liq bo‘lib, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasidagi ustuvor sohalarga daxldordir.
Birinchidan, Prezidentning odamlar adolatni va yana bir bor adolatni istashi haqida aytgan fikrlari menda katta taassurot qoldirdi. Bu odil sudlov, qonun ustuvorligi, huquq-tartibot va milliy xavfsizlik yo‘nalishlaridagi asosiy islohotlar bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur sohalar O‘zbekistonda va butun jahonda insonlar hayoti uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, respublika aholisi islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda, shu bilan birga amaliy sa’y-harakatlar va natijalarni intiqlik bilan kutmoqda. Ular o‘z hayotlarida kelajakda emas, balki bugun o‘zgarishlar o‘zgarishlar bo‘lishini istashmoqda. Prezident buning uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmagan va faqat kuzatuvchi bo‘lib qolayotgan mansabdorlarni dadillik bilan tanqid ostiga oldi.
O‘zbekiston rahbari ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot sohalarida respublika uchun namuna tariqasida taraqqiy etgan mamlakatlardan qator aniq misollarni keltirdi.
YeXHT har qanday jamiyatdagi nodavlat nohukumat tashkilotlariga alohida ahamiyat beradi. O‘zbekiston rahbari mamlakatdagi 9 ming nohukumat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etgani juda quvonarli holdir. Bundan tashqari, davlat va jamoatchilik muassasalari ustidan fuqarolik nazorati ta’minlanishi uchun davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlarini tuzish haqida ham muhim fikr bildirildi.
Iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash haqida to‘xtalar ekan, Prezident Uinston Cherchillning quyidagi fikrini keltirgani juda o‘rinli bo‘ldi: “Ba’zilar tadbirkor deganda sog‘in sigirni, faqat sanoqli odamlargina tadbirkor deganda og‘ir aravani tortayotgan mehnatkash otni tushunadi”. Darhaqiqat, tadbirkor og‘ir aravani tortadigan ot misolidir.
Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun mutlaq lokomotivlar sifatida tadbirkorlar o‘z faoliyatlariga ijodiy yondoshishi, innovatsiya tafakkuriga ega bo‘lishi zarur ekanligini teran anglashini ham namoyon etdi.
Shuningdek, iqtisodiyotni rivojlantirish nuqtai nazaridan qonun ustuvorligi qo‘llab-quvvatlanishi hamda tadbirkorlar uchun davlat idoralari tomonidan asossiz tekshiruvlarni va to‘sqinlik qilishlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarni tinglash ham bizlarni quvontirdi.
O‘zbekiston yetakchisi bugungi kunga qadar yetarli darajada foydalanilmayotgan milliy resurslarni alohida ta’kidladi. Shunisi ham muhimki, Prezident mamlakat oldida turgan vazifa va muammolarning jiddiy ekanligiga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlash asnosida xalqaro reytinglardan aniq-ravshan ma’lumotlarni misol tariqasida tilga oldi. Masalan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi, bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish muddatlari (bunga Belgiyada 1 soat kifoya qilsa, O‘zbekistonda bunga 1 oylab muddat sarflanishi) va hokazo.
Prezidentning samimiyat bilan aytgan so‘zlari menda katta taassurot qoldirdi. Haqiqatan ham Shavkat Mirziyoyev aytayotgan fikrlariga qattiq ishonadi. U, hech shubhasiz, O‘zbekistonga yaxshilik sog‘inadi, shu bilan birga, odamlarning istak va ehtiyojlarini tushunadi. Bularning ko‘pginasi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” hamda hoh yakka holda, hoh jamoa bo‘lsin, odamlarning ovozi eshitilishiga imkoniyat yaratgan virtual va xalq qabulxonalari faoliyatining natijasi hisoblanadi. Prezident “Mening fikrim” veb-sahifasini yaratish bu yo‘nalishdagi yangi qadam bo‘lishini e’lon qildi.
Umuman olganda, Prezident hamon ko‘pgina muammolar mavjud ekanligi, ular hal etilishi lozimligi va ko‘pgina islohotlar olib borish kerakligi yuzasidan hech qanday shubha qoldirmadi. Agar mamlakatdagi barcha odamlar o‘zgarishlarni jadallashtirish kerakligini, ular muammolar hal qilinishida tarkibiy qism ekanliklarni vatanparvarlik bilan his etsalar salmoqli natijalar tayin, kelajak ham porloq bo‘ladi.