28-dekabr – Mustaqillik va ezgulik monumenti ochilgan kun
Har safar Mustaqillik maydonidan o‘tar ekanmiz, ushbu noyob me’moriy ansambl qarshisida beixtiyor o‘yga toladi kishi. Ona Vatanimizning tarixi, buyuk ajdodlarimiz, shonli va suronli o‘tmishi xayolda gavdalanadi.
Ulug‘ saltanat asoschisi Sohibqiron Amir Temur, buyuk ajdodlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Jaloliddin Manguberdi, yulduzlarni kashf qilgan Mirzo Ulug‘bek, Hind sori armon bilan yo‘l olgan Zahiriddin Muhammad Bobur, millatni uyg‘otishga shaylangan va qatag‘on bo‘lgan jadid bobolarimiz, so‘ng Ikkinchi jahon urushida g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan, "oq oltin"dan tog‘day xirmon uyub, begona karvonlarga topshirib, ketmoniga o‘ychan, unsiz suyanib turgan fidoyi va dehqon bobolarimiz, qo‘li qadoq momolarimiz yodga tushadi...
Bugun istiqlol quyoshidan bahra olayotgan xalqimizning nurli qiyofasi, baxtiyor nigohi, farzandlarimizning quvonchu zavqi beixtiyor qalbda shukronalik, g‘urur-iftixor hissini jo‘sh urdiradi.
2005-yil Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov g‘oyasi va tashabbusi bilan mamlakatimizning bosh maydonida barpo etilgan, chuqur va keng ma’no-mazmuni bilan barchamiz uchun aziz bo‘lgan muqaddas qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ushbu majmua ajdodlarimizga armon bo‘lgan va xalqimizning azmu shijoati tufayli qo‘lga kiritilgan eng ulug‘, eng aziz ne’mat bo‘lmish istiqlolimiz, bugungi tinch-osoyishta, farovon, baxtli hayotimiz, orzu-niyatlarimiz, buyuk kelajakka mustahkam ishonchimiz timsolidir.
...Mustaqillik maydoni xalqimizning ko‘ngliday keng Ezgulik arkasidan boshlanadi. Arkaning baland va mustahkam ustunlari mustaqil taraqqiyotimiz asosining mustahkamligi, tanlagan yo‘limizning qat’iyligi ramzi, arka tepasidagi oppoq laylaklar tinchlik-osoyishtalik, musaffo osmonimiz timsoli, qanot qoqayotgan turnalar esa bugunidan ma’no topib, farovon turmush kechirayotgan xalqimizning ertangi kun, ulug‘vor maqsadlar, yuksak marralar sari intilayotganiga ishora.
Dunyoda davlatlar ko‘p, ammo ona Vatan – O‘zbekiston yagonadir. Maydonning to‘rida savlat to‘kib turgan obida tepasidagi zarhal kurrai zaminimiz va unda ajralib turgan O‘zbekiston xaritasi bu yerga kelgan yurtdoshlarimizda jahon maydonida o‘z mavqei, obro‘siga ega yurt fuqarosi ekanidan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘otishi shubhasiz. Farzandini bag‘riga bosib, unga quvonch, mehr-muhabbat bilan termulib turgan Baxtiyor ona haykali – Vatan, onasining quchog‘ida osuda orom olayotgan go‘dak buyuk kelajagimiz timsolidir.
Bugun mustaqil mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Dunyo hamjamiyati, xalqaro nufuzli tashkilotlar, xorijiy davlatlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan barcha jabhada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, o‘zgarish va yangilanishlar, yutuq va marralarni, mamlakatimizning ulkan salohiyatini e’tirof etmoqda. 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb nomlanishi, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi, barcha sohalarda ulkan islohotlarning amalga oshirilishi zamirida xalqimizning hayot darajasini yaxshilash, bugunidan rozi bo‘lib, kelajagiga qat’iy ishonch bilan yashashini ta’minlash maqsadi mujassamdir.
Umumxalq bayramlari va tantanali marosimlarda, sportchilarimizni yirik xalqaro musobaqalarga kuzatish yoki yurtimizda yirik xalqaro ko‘rik-tanlov va musobaqalarni o‘tkazish oldidan ushbu obida poyiga gulchambarlar qo‘yish an’ana tusini oldi. Shuningdek, yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy mamlakatlarning rahbarlari, turli darajadagi delegatsiyalar vakillari va boshqa mehmonlar ham Monument poyiga gulchambar qo‘yib, mustaqil O‘zbekistonimizga hurmatini ifoda etadi.
Mustaqil hayot ostonasi sari odimlayotgan kelin-kuyovlar ezgu niyat bilan Ezgulik arkasidan o‘tib, pok niyat va go‘zal amallar ramzi bo‘lgan oq marmarlardan yurib Baxtiyor ona poyiga gul qo‘yarkan, uning siymosida o‘zining beg‘ubor, bokira orzularini ko‘rgandek bo‘ladi. Poytaxtimizdagi ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yilidagi ilk darsi – Mustaqillik darsi bosh maydonimizda, ushbu monument qarshisida o‘tkaziladi. Bu maktab ostonasiga ilk qadam qo‘yayotgan farzandlarimiz qalbi va ongiga mustaqillik, Vatan, ona kabi muqaddas tushunchalarni singdirishga xizmat qiladi.
Shu kunlarda Mustaqillik maydoni yanada ko‘rkam va fayzli qiyofaga kirgan. Yangi yil bayrami arafasida qad rostlagan ulkan archadagi turfa bezaklar va kamalakrang chiroqlar, maydonda barpo etilgan o‘ziga xos ertaklar shaharchasi barchaga zavq-shavq ulashmoqda. Istiqlolimizning buyuk ne’matlaridan bahra olib ulg‘ayayotgan baxtiyor farzandlarimizning quvonchu zavqqa to‘la shodon kulgusi butun olamga taraladi.
Bayram Aytmurodov, O‘zA