O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xususiy bog‘chalarga bino – bepul, elektr energiyasi va tabiiy gaz – yarim narxida
2017-12-27 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 sentabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarga bir qator imkoniyatlar yaratildi.
Jumladan, 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) hamda mehnat shartnomasi asosida ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilingan xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislarning oylik ish haqidan yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan ozod etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning tizimidagi muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi 991-sonli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, tumanlar va shaharlarda tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan «nol» qiymatda bino berish belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, xususiy investorlarning o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan binolarda tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 2023 yil 1 yanvargacha foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari uchun to‘lovning 50 foizi o‘z mablag‘lari hisobidan hamda qolgan 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanishi tartibi joriy qilindi.
– Berilayotgan imtiyoz va yaratilayotgan imkoniyatlardan behad xursandmiz – deydi Termiz shahridagi “Bilimdon minion” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari Maftuna Xolmatova. – Bugungi kunda soliqdan ozod qilingan mablag‘lar hisobidan zamonaviy o‘quv vositalarini xarid qilayapmiz. Kelgusida esa faoliyatimizni yanada rivojlantirib xorijdan pedagog va mutaxassislarni jalb qilish, tarbiyalanuvchilarimizga qo‘shimcha qulayliklar yaratish niyatidamiz.
Ayni paytda “Bilimdon minion” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida 2 ta guruhda 30 nafar bolalar tarbiyalanayotgan bo‘lsa, imtiyozlar hisobidan tejalayotgan mablag‘lar hisobiga qo‘shimcha bino va inshootlar qurib, tarbiyalanuvchilar sonini oshirish rejalashtirilmoqda. Tarbiyalanuvchilariga o‘zbek, ingliz va rus tillarida saboq berilib, ular musiqa, rasm, matematika, shuningdek, o‘g‘il bolalar taekvondo, qiz bolalar badiiy gimnastika to‘garaklariga jalb etilgan.
Bugungi kungacha Surxondaryo viloyatida 3 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Yurtboshimizning yuqorida keltirilgan qarori qabul qilingandan so‘ng o‘tgan qisqa davr mobaynida xususiy bog‘cha ochish istagini bildirgan talabgorlar soni 100 dan ortdi.