O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro turnir boshlandi
2015-04-15 | Sport
Buxoroda xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) musobaqalari turkumiga kiruvchi erkaklar o'rtasidagi "Fyuchers" turniri boshlandi.
Musobaqaning ochilishiga bag'ishlangan marosimda mamlakatimizda sportning Olimpiada dasturiga kiritilgan turlari, jumladan, tennisni rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Nafaqat poytaxtimiz, balki mamlakatimizning boshqa shaharlarida jahonning turli davlatlari raketka ustalari ishtirokidagi xalqaro turnirlar muntazam o'tkazilayotgani ham buning isbotidir.
Bu galgi turnirda O'zbekiston, Rossiya, Ukraina, Belarus, Latviya, Hindiston, Xitoy Taypeyi, Qozog'iston va Qirg'izistondan tennischilar ishtirok etmoqda. Unda mamlakatimiz sharafini Sanjar Fayziyev, Temur Ismoilov, Sarvar Ikromov, Shone'matjon Shofayziyev kabi tajribali tennischilar bilan bir qatorda yosh iqtidor egalari ham himoya qilmoqda.
– Men uchun bu turnir ITF turkumidagi ilk xalqaro musobaqadir, – deydi buxorolik 19 yoshli iqtidorli tennischi Azizbek Luqmonov. – Yakkalik bahslaridagi dastlabki qadam omadli boshlandi. Raqibim latviyalik Arturs Lazdins mendan ancha kuchli va tajribali edi. Ammo uni mag'lubiyatga uchratdim. Keyingi turda ham muxlislarga manzur o'yin ko'rsatishga harakat qilaman.
Yakkalik va juftlik musobaqalaridan iborat xalqaro turnir 18-aprelga qadar davom etadi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so'zga chiqdi.