O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2017-12-26 | Jamiyat
2017-yilning 25-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari–Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayev Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Yevgeniy Gromiko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari asosida rivojlanib va mustahkamlanib borayotganligi alohida ta’kidlandi.
Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida agrar sohaga oid aloqalarni yanada kengaytirish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, jumladan, baliqchilikni rivojlantirish, rossiyalik olim va mutaxassislarni jalb etgan holda ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, seleksiya va genetika ishlarini keng yo‘lga qo‘yish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, tabiiy va sun’iy suv havzalari mahsuldorligini oshirish, intensiv texnologiyalarini joriy qilish, mutaxassis-kadrlar tayyorlash, ular malakasini oshirishni va tajriba almashishini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasidagi vazifalarni atroflicha muhokama etdilar.
Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev ishtirok etdi.