Bu Andijon shahrining “Sog‘lom avlod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Zaynabxon Teshaboyevaning dil so‘zlari.
– Qizim Gulbahor I guruh nogironi, – deydi Z.Teshaboyeva. – 2017-yilning 25-sanasi hayotimdagi eng quvonchli kunlardan biri bo‘ldi. Mening farzandimga, oilamga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan yashashga bo‘lgan ishtiyoqim, davlatimizga, yaxshi insonlar ko‘pligiga ishonchim ming chandon ortdi. Farzandlarimning quvonchini aytmaysizmi? Axir, hozirga qadar farzandlarim, kelinim, nabiram – 11 jon 2 xonali kvartirada yashar edik. Uy-joy qilishga imkonimiz umuman yo‘q edi. Qaramog‘ida nogiron farzandi bor, qiynalib yashayotgan biz kabi oilalar holidan xabar olib, ularning mushkulini oson qilayotgan insonlar, ezgu ishlar boshida turgan Prezidentimizdan behad minnatdorman.
Andijon tumani Kuyganyor shaharchasida viloyatdagi jismoniy imkoniyati cheklangan, uy-joyga muhtoj 82 nafar fuqaroga yangi uylar topshirish marosimida bunday minnatdorlik izhorlari, shukronalik tuyg‘ulari ko‘p yangradi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa, nogiron, kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy muhofaza qilishga qaratilayotgan alohida e’tibor yurtdoshlarimizda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, birgina Andijon viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning 532 nafariga nogironlik aravachasi, 2 nafariga eshitish moslamasi, 2 ming nafardan ziyod kishiga salomatligini tiklashi uchun yurtimizning turli sihatgohlariga yo‘llanma berildi. 96 nafar nogiron hamda kam ta’minlangan oila vakillariga zarur dori-darmonlar xarid qilishi va davolanishi uchun 384 million so‘m mablag‘ ajratildi, 1776 oila maishiy texnika jihozlari bilan ta’minlandi. Shu kunlarda 160 oilaning uy-joyini ta’mirlab berish choralari ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida 497 hovli va har biri 16 kvartiradan iborat ikki qavatli yigirma uchta uy qurildi. Ayni kunga qadar 865 kam ta’minlangan oilaga hamda 14 nafar nogironga yangi uy topshirilgan bo‘lsa, bugun yana 82 nafar mehnatga layoqati cheklangan fuqaroga viloyatning 14 tumanida barpo etilgan yangi uylar kaliti topshirildi.
Ta’kidlash kerakki, nogironlarga topshirilayotgan uylar homiylar tomonidan ajratilgan 862 million so‘m mablag‘ hisobidan jihozlandi.
Andijon tumani Oyjamol mahallasidagi kichkinagina hovlida yashayotgan Mahmudjon Rasulov oilasiga ham tuman markazida barpo etilgan yangi uyning 2 xonali kvartirasi topshirildi. Endi Mahmudjon turmush o‘rtog‘i Zilolaxon va ikki farzandi bilan Yangi yil bayramini yangi uyda nishonlaydi.
Yangi uy sohibiga aylangan Paxtaobod tumani Navnihol mahallasida yashovchi Dilbarxon Sattorova, Oltinko‘l tumani Xondibog‘i mahallasida yashovchi Zebiniso Jumaboyeva, Bo‘z tumani Chorvador mahallasida yashovchi Dildora Gulmatova, Xo‘jaobod tumani Bahrin mahallasida yashovchi Mohidil Abdurahmonova singari jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Yangi uy-joylarni topshirishga bag‘ishlangan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov, Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov ishtirok etdi.
Fahriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA