O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zLiDeP tadbirkorlarni tekshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish tarafdori, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi internetda maxsus «maydon»lar yaratishni qo‘llamoqda
2017-12-26 | Jamiyat
Parlament quyi palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha partiya fraksiyasining chora-tadbirlar rejasi muhokama etildi.
Fraksiya a’zolari Murojaatnomada 2018-yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berilishi kelgusi yili faol tadbirkorlikni rivojlantirish davlatimiz e’tibori markazida bo‘lishi, bu sohani qo‘llab-quvvatlash, biznes subyektlarini jadal va barqaror rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi, bojxona tartib-taomillarining soddalashtirilishi va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etishini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha partiya fraksiyasining chora-tadbirlar rejasi muhokamalar markazida bo‘ldi.
Qonun loyihalari muhokamasiga keng xalq ommasini jalb etish, jumladan, internet tarmog‘ida maxsus «maydon»lar yaratish, fuqarolar davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikr-takliflarini bildirishlari uchun «Mening fikrim» deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligi aytildi.
Yig‘ilish yakunida Murojaatnomada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.