2017-yilda Navoiyda profilaktika inspektorlarining yarmi uyli va mashinali bo‘ldi
Navoiy shahridagi Yoshlar sport majmuasida Navoiy viloyati IIB ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining o‘zlari xizmat qilayotgan hududda osoyishtalikni ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalash uchun tantanali qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.
Navoiy viloyatida 209 nafar profilaktika inspektori faoliyat ko‘rsatmoqda. 2017-yilda ularning 120 nafariga xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan avtomashina kaliti tantanali ravishda topshirildi.
– Xalqimizning biz, ichki ishlar idoralari xodimlariga bo‘lgan ishonchini oqlash yo‘lida tantanali qasamyod qabul qilganim kasbimning naqadar mas’uliyatli va sharafli ekanidan darak beradi, – deydi Nurota tumani Eshonsudur mahallasi profilaktika inspektori Jo‘rabek Ergashev. – Mehnatimizga rag‘bat va qo‘shimcha mas’uliyat sifatida belgilangan hududimizning o‘zidan barcha qulayliklarga ega xizmat uyi hamda imtiyozli kredit asosidagi mashina berildi. Bu bizni yanada sidqidildan xizmat qilishga undaydi.
Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA