O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muzey eksponatlari – xalq boyligi
2015-04-15 | Jamiyat
Termiz arxeologiya muzeyida muzeylar boshqaruvida o'quv dasturlarini amalga oshirish masalasiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, YuNESKO ishlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, "O'zbekmuzey" jamg'armasi, Xalqaro Amir Temur fondi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan muzeylar rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.
YuNESKO ishlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi mas'ul kotibi A.Ikromov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida milliy o'zlikni anglash, boy va betakror merosimizni asrab-avaylash, o'rganish, keng targ'ib etishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
Mamlakatimizda muzeylar fondini shakllantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g'oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda yuksak samaralar berayotir.
Prezidentimizning 1998-yil 12-yanvarda qabul qilingan "Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to'g'risida"gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo'lmoqda. O'zbekiston Respublikasining "Muzeylar to'g'risida"gi qonuni milliy muzey fondini shakllantirish, saqlash, samarali foydalanish va sohadagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini belgilab berdi. Rivojlangan davlatlarning arxeolog, etnograf, tabiatshunos va boshqa soha olimlari bilan hamkorlikda ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilayotgani yurtimizdagi muzeylar fondini yanada boyitish, ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan muzeyimiz sakkiz mingga yaqin eksponat bilan faoliyat boshlagan edi, – deydi Termiz arxeologiya muzeyi direktori vazifasini bajaruvchi Zebuniso Alimardonova. – Ayni paytda bu yerda Vatanimizning miloddan avvalgi yuz ming yillik o'tmishidan boshlab bugungi kunga qadar bo'lgan hayoti keng yoritilgan sakson mingdan ortiq noyob topilma va osori-atiqalar saqlanmoqda. Muzey fondi yildan-yilga turli davrlarga oid yangi topilmalar bilan boyib bormoqda. O'tgan yili mintaqamizda yagona bu maskanga o'ttiz mingdan ziyod mahalliy va xorijlik tomoshabinlar kelib, eksponatlarimiz bilan tanishdi.
Tadbirda muzeylarning huquqiy asoslari, mutaxassis kadrlar bilan ta'minlash, zamonaviy xizmat ko'rsatish, bolalarni muzeylarga jalb etishda pedagogik texnologiyalarning o'rni, virtual muzey istiqbollari kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.