Yangi yil bayrami arafasida Jizzax viloyatida imkoniyati cheklangan fuqarolarning bir guruhiga Prezident sovg‘asi – zamonaviy uylar, nogironlik aravachalari, tikuv mashinalari berilmoqda.
Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlariga Murojaatnomasida “...2017-yil xalq bilan yaqindan muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan yil bo‘ldi, deb aytishga to‘la haqlimiz” degan fikri har tomonlama asosli ekanini joylardagi Xalq qabulxonalarida fuqarolar murojaatini ko‘rib chiqish borasidagi ishlar natijalari ham ko‘rsatib turibdi.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarning barchasi xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik, muruvvat va saxovatpeshalik kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan. Bu Xalq qabulxonasi tomonidan oddiy odamlarning hayotiy talab va ehtiyojlarini qondirish borasida olib borilayotgan ishlarda ham o‘z ifodasini topayotir.
2017-yilda viloyat Xalq qabulxonalariga aholidan kelib tushgan 29 ming 568 murojaatning 20 ming 360 tasi ijobiy hal etildi. Murojaatlar bilan ishlashda nogiron, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj fuqarolar muammolarini hal etish, ehtiyojlarini qondirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mirzacho‘l tumani markazidagi G‘alaba mahallasida ehtiyojmand oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar tantanali topshirilgani ham shu e’tibor samarasidir.
Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish, og‘irini yengil qilish borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Mahallada yangilangan loyiha asosida har biri 16 oilaga mo‘ljallangan 2-3 xonadan iborat ikkita zamonaviy uy qurib bitkazildi. Uylarning 3 xonadoni ehtiyojmand fuqarolarga berildi.
– Ko‘p yillar ijrada yashab, fikr-yodim o‘z boshpanam bo‘lishida edi, – deydi Rustam Bolibekov. – Davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligi bilan oilam bilan ikki xonali shinam uyga ega bo‘lganimizdan baxtiyormiz. Odamlarning dardini tinglaydigan “Xalq qabulxonasi”ga, bu savob ishning boshida turgan Prezidentimizga rahmat.
Bir farzandi bilan ijarada yashab kelgan Irina Mishanovaga ham yangi turar joydan ikki xonali uy berildi.
– Mehnat qobiliyati cheklangan inson o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bo‘lib qolar ekan, – deydi I.Mishanova. – Yolg‘izgina farzandimni oyoqqa turg‘azishda men tortgan azoblar hech bir insonning boshiga tushmasin. Shuning uchun O‘zbekistondek saxovatli yurtda yashayotganimdan, xalqparvar Prezidentimiz borligidan faxrlanaman. O‘g‘limni shu Vatanga sodiq farzand qilib tarbiyalayman.
Shu kuni viloyatning barcha tumanlaridan nogiron, ehtiyojmand fuqarolar taklif etilib, ularga ham o‘zlari yashayotgan hududdan yangi uylar kaliti topshirildi. Jumladan, G‘allaorol tumanida yangilangan loyiha asosida qurilgan zamonaviy uydan 2 xonadoni ehtiyojmand oilalarga berildi.
– Turmush o‘rtog‘im vafot etgach, uch nafar voyaga yetmagan farzandim bilan otamning uyida tiqilib yashab keldim, – deydi ikki xonali uyga ko‘chib kirgan Gulnora Shukurova. – Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatim o‘rganib chiqilib, yangi uydan 2 xonalisi berilgani qalbimni quvonchga to‘ldirdi. Birinchi marta Yangi yilni o‘z uyimda, o‘zim xohlagandek kutib olaman.
Shu kuni ehtiyojmand fuqarolardan 16 nafariga kattalar, 10 nafariga bolalar nogironlik aravachasi topshirildi. Aravachalarning 6 tasi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan sovg‘a qilindi. Mehnat qilish imkoniyati va istagi bo‘lgan nogiron fuqarolardan 17 nafari “Jizzax paxta sanoat” hamda “Do‘stlikdon” aksiyadorlik jamiyatlari korxonalariga kasanachilik asosida ishga joylashtirilib, tikuv mashinalari bilan ta’minlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoybergenov, Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Soliyev ishtirok etdi.
Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA