O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakat eksport imkoniyatlarini oshirish – eng muhim va dolzarb vazifa
2017-12-25 | Siyosat
25-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz eksport imkoniyatlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentning davlat maslahatchilari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, videokonferensiya aloqasi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbariyati, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari, eksportchi korxonalar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari qatnashdi.
Yig‘ilishda 2017-yil yakuni bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilishini ta’minlash, milliy mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini tashqi bozorlarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning barqaror va yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolishning eng muhim omillaridan biri bu mamlakat eksport salohiyatini izchil oshirish va undan to‘liq foydalanish, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini kuchaytirish ekanini ta’kidladi. Shuningdek, korxonalarimizning an’anaviy tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash va kengaytirish, yangi bozorlarga kirib borish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida noreal raqamlar ortidan quvish, amalda samara bermaydigan rejalar haqida balandparvoz gaplar bilan so‘z yuritishdek noma’qul ish uslubi tanqid qilindi.
Hisobot uchun emas, muayyan natijaga erishishni maqsad qilgan holda ish yuritishni tashkil qilish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017-yilda iqtisodiy o‘sish 5,5 foizni tashkil etdi, eksport hajmi qariyb 15 foizga ko‘paydi. 2018-yil davomida eksportning umumiy moliyaviy qiymati 12,1 milliard AQSh dollariga teng bo‘lishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda so‘nggi bir yil davomida tadbirkorlarning eksport sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahsulotlarni oldindan to‘lov asosida eksport qilish, valyuta tushumlarini majburiy sotish, hozirgi kun talabiga javob bermaydigan, ortiqcha ruxsatnomalarni bekor qilish hamda eksport faoliyatida soliq imtiyozlarini qo‘llashni kengaytirishga doir qabul qilingan qator farmon va qarorlar qabul qilingani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 22-dekabrdagi parlamentga Murojaatnomasida ko‘rsatilganidek, 2018-yilda eksport sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi. Ya’ni, Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik hamkorlarimiz – Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkiya va boshqa mamlakatlarga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xaritalari”ni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash zarur. Tadbirkorlik sub’ektlarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda xavf-xatardan ogoh etish tizimini joriy etish, bojxona organlari tomonidan beriladigan ortiqcha va zamon talabiga javob bermaydigan ruxsatnomalarni bekor qilish hamda qo‘llaniladigan tartib-taomillarni soddalashtirish lozim. Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini keskin oshirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama qilindi. Ayrim tarmoqlar va hududlar rahbarlarida mas’uliyat, talabchanlik va tashabbuskorlik yetishmayotgani, eksport dasturini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi.
Davlatimiz rahbari tegishli mutasaddilarga mamlakat eksport salohiyatini oshirish, eksport geografiyasi va nomenklaturasini kengaytirish, eksportchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini eksport faoliyatiga jalb qilish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.