O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Zamonaviy tibbiyot yutuqlari namoyishi
2015-04-15 | Jamiyat
"O'zekspomarkaz" pavilyonlarida "Sog'liqni saqlash – TIHE 2015", "Farmatsevtika sanoati – AptekaExpo Central Asia 2015" hamda "Stomatologiya – Stomatology Uzbekistan 2015" xalqaro ko'rgazmalari ochildi.
Tadbirlar O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, "O'zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni, "O'ztibtexnika" mas'uliyati cheklangan jamiyati, Stomatologlar uyushmasi va "ITE Uzbekistan" xalqaro ko'rgazma kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vaziri A.Alimov va boshqalar mamlakatimizda zamonaviy tibbiyot tizimi barpo etilib, soha zamonaviy tibbiy jihoz va texnologiyalar bilan ta'minlanayotgani aholi salomatligini mustahkamlashda muhim omil bo'layotganini alohida ta'kidladi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida aholining barcha qatlamlari malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olindi. Skrining markazlari, tug'ruq majmualari, viloyatlar ko'ptarmoqli shifoxonalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari xalqimizning sog'lom hayot kechirishini ta'minlamoqda.
2014-yilda 133 tibbiyot muassasasi yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi. Guliston shahridagi viloyat onkologiya dispanseri, Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy markazi, Andijon ko'ptarmoqli viloyat tibbiyot markazi, Nukus shahridagi silga qarshi kurash dispanseri shular jumlasidandir. Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda eng yuqori texnologiyalar asosidagi tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlanadigan ko'ptarmoqli zamonaviy bolalar tibbiyot markazi barpo etilmoqda.
"Keksalarni e'zozlash yili" Davlat dasturi doirasida keksa avlod vakillari, xususan, 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarining salomatligini mustahkamlash, ularga ko'rsatiladigan tibbiy va ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, zarur dori-darmon va tibbiy vositalar bilan ta'minlash bo'yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
An'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan "O'zbekiston sog'liqni saqlash haftaligi" doirasidagi ushbu ko'rgazmalar tibbiy-ilmiy yangiliklar va ishlanmalar bilan bevosita tanishish, soha mutaxassislarining o'zaro axborot va tajriba almashishini ta'minlash orqali sog'liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga katta hissa qo'shmoqda.
Bu gal ko'rgazmalarda O'zbekiston, AQSh, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Belarus, Finlyandiya, Belgiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Niderlandiya, Rossiya, Polsha, Chexiya, Turkiya va Shveytsariya kabi yigirma mamlakatdan bir yuz oltmishga yaqin korxona va tashkilot o'z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Ular orasida tibbiy uskunalar ishlab chiqarish va yetkazib berish bo'yicha jahonning yetakchi kompaniyalari, jumladan, "Toshiba", "Philips", "Samsung Medison", "GE Healthcare", "Draeger", "Carefusion", "Chison" kabi muassasalar bor.
Ko'rgazmalardan turli xildagi zamonaviy tibbiy texnologiyalar, ultratovush, rentgen apparatlari, fizioterapevtik va kardiologik jihozlar, stomatologiya, implantologiya va jarrohlik asbob-anjomlari, diagnostika va laboratoriya jihozlari, dezinfeksiya, sanitariya-gigiyena va reabilitatsiya vositalari, trenajyorlar, tibbiyot kiyimlari va ortopedik mahsulotlar, tibbiy mebellar, dori-darmonlar, dorixonalar uchun uskunalar, qadoqlash vositalari, shifobaxsh pardoz vositalari keng o'rin olgan.
– Tibbiyot sohasini keng qamrab olgan mazkur xalqaro ko'rgazmalarda ilk bor ishtirok etmoqdamiz, – deydi Xitoyning "Shenzhen Anke High-Tech" korporatsiyasi xalqaro savdo departamenti direktori Chjou Venyu. – Bugungi kunda kompaniyamiz yigirmadan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarmoqda. O'zbekiston bozori g'oyat istiqbollidir. Bu yerda erkin va muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun barcha zarur omillar mavjud. Mahsulotlarimiz bilan mamlakatingiz bozoridan keng o'rin olish, o'zaro savdo aloqalarini mustahkamlash niyatidamiz.
Ko'rgazmalar doirasida tashkil etilgan "Tibbiyot turizmi" sho'basida "Health and Travel" (O'zbekiston), "University Medical Center Freiburg" (Germaniya), "Acibadem Hospitals Group" (Turkiya) kabi qator tibbiyot muassasalari sog'lomlashtirish xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, aholini bezarar va samarali dori-darmonlar bilan ta'minlash, sohaning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida farmatsevtika korxonalari safi tobora kengayib borayotir.
Dori vositalari ishlab chiqarish bo'yicha mamlakatimizning yetakchi muassasalaridan biri – "Nobel Pharmsanoat" kompaniyasi stendi atrofi ishtirokchilar bilan gavjum.
– Mamlakatimizda farmatsevtika rivojiga qaratilayotgan ulkan e'tibor kompaniyamizning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishida muhim omil bo'lmoqda, – deydi mazkur kompaniya marketing departamenti direktori Aleksandr Yatsenko. – Ishlab chiqarishda yurtimizdagi tarmoq korxonalari bilan faol va samarali hamkorlik qilib kelyapmiz. Yuqori sifatli mahsulotlarimiz xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda. Ushbu ko'rgazmalarda muntazam ishtirok etib, yangi ishlanma va mahsulotlarimizni namoyish qilamiz. Bu savdo hajmini oshirish, hamkorlarimiz safini yanada kengaytirishda qo'l kelayotir.
O'zbekistonda tibbiyotning barcha yo'nalishlari qatori stomatologiya sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Soha klinikalari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Xalqaro tajriba asosida tashxis qo'yish va davolashning samarali usullari amaliyotga tatbiq etilayotir.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 22-iyuldagi «Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to'g'risida»gi qarori bu boradagi tibbiy ta'lim sifatini yanada oshirish, yetuk mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilayotir.
– Ko'rgazmada to'rtinchi bor qatnashmoqdamiz, – deydi Shveytsariyaning "Alfleth Engineering" kompaniyasi vakili Igor Pasichnuk. – Stomatologiya uskunalarini namoyish etyapmiz. O'zbekistonda tibbiyot sohasi izchil rivojlanib bormoqda. Bu ko'rgazmalarga qo'yilgan, O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimentining boyligida ham yaqqol namoyon. Mamlakatingiz bilan o'zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istagidamiz.
Xalqaro ko'rgazmalar mamlakatimiz va jahon sog'liqni saqlash tizimida qo'lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarni namoyish etishi bilan ahamiyatlidir. Bu farmatsevtika, stomatologiya va tibbiyot turizmini yanada ravnaq toptirish, sohadagi talab va takliflarni o'rganish, mamlakatimizga xorij sarmoyasini jalb etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ko'rgazmalar doirasida anesteziologiya va ultratovush tashxisi, stomatologiyaning dolzarb masalalariga oid xalqaro anjumanlar o'tkaziladi.