O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Robert Fuderich: O‘zbekistonda bolalar eng katta boylik sifatida qadrlanadi
2015-04-15 | Jamiyat
YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Robert Fuderich O'zA muxbiriga yurtimizda sog'lom avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan e'tibor samaralari, O'zbekiston va YuNISEF hamkorligida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar xususida gapirib berdi:
O'zbekistonda bolalar eng katta boylik sifatida qadrlanadi. Sog'lom avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi etib belgilangan. O'zbekiston Respublikasi o'z Konstitutsiyasini qabul qilganidan bir kun o'tib – 1992-yil 9-dekabrda Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga qo'shilganida ham chuqur ramziy ma'no bor.
Mamlakatingizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, ularni muntazam tibbiy ko'rikdan o'tkazish va sog'lomlashtirish, kasalliklar profilaktikasi, bolalar sportini va ta'lim-tarbiyasini yanada rivojlantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani quvonarlidir.
O'zbekiston bilan YuNISEF o'rtasida imzolangan 2010-2015-yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturiga muvofiq tashkilotimiz ona va bola salomatligini mustahkamlash, to'g'ri ovqatlanishni targ'ib etish, OIVning oldini olish, maktabgacha ta'lim va maktab ta'limi sifatini yanada oshirishga hissa qo'shmoqda. «Sog'lom bola yili» Davlat dasturini amalga oshirishda ham faol ishtirok etdi.
Joriy yil 2010-2015-yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturimiz nihoyasiga yetkazilishi hamda yangi besh yillik dastur ishlab chiqilishi bilan ahamiyatlidir.
YuNISEF O'zbekiston bilan sog'liqni saqlash, ta'lim va bolalarni himoya qilish sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida. 2016-2020-yillarga mo'ljallangan yangi dasturni amalga oshirishda milliy ustuvorliklar, Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiya hamda o'zaro hamkorligimiz tajribasiga tayanamiz.
Vakolatxonamiz ona va bola salomatligi sohasidagi faoliyatini davom ettiradi. Pnevmoniya, diareya va tug'ruq asoratlarining oldini olish orqali bolalar o'limini kamaytirishga hissa qo'shadi. Xususan, bu yil bolalarning pnevmoniyaga chalinishining oldini oladigan yangi vaksina amaliyotga tatbiq etiladi.
Onalar va bolalar salomatligi sohasida faoliyat yurituvchi besh mingdan ziyod mutaxassis yangi bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishi uchun qo'shimcha o'qitilishi rejalashtirilmoqda. Bu shifokor va hamshiralarning malakasini oshirishga, tibbiy xizmat sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
O'zbekiston bolalarning har tomonlama kamol topishi uchun maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish, bog'chalarga jalb etilgan bolalar qamrovini kengaytirishga katta e'tibor qaratmoqda. Tashkilotimiz bu boradagi sa'y-harakatlarni amalga oshirishga ko'maklashadi. Chekka hududlardagi bolalarning maktabga tayyorlanishiga yordamlashuvchi yarim kunlik ta'lim guruhlari faoliyatini qo'llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratamiz.
YuNISEF uchun 2015-yil mas'uliyatli va samarali bo'lishi kutilmoqda. Tashkilotimiz bolalar huquq va manfaatlarini ta'minlash borasida O'zbekistondagi davlat va jamoat tashkilotlari, BMTning boshqa tarkibiy tuzilmalari bilan hamkorlikni yanada kengaytiradi.