O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi yangi nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi
2017-12-25 | Jamiyat
1. Adliya vazirligi “Sharq Iste’dodlari” jamoat fondini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
“Sharq Iste’dodlari” jamoat fondining asosiy maqsad va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi iste’dodli yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar orasida har qanday iste’dodga ega bo‘lganlarga ilmiy, texnikaviy, ijtimoiy, gumanitar, san’at, iqtisodiy va mamlakatning rivojiga hissa qo‘shayotgan boshqa yo‘nalishlarda izlanishlar hamda tadqiqotlar olib borishda moliyaviy yoki moddiy ko‘maklashish, ular dunyoning yetakchi universitetlarida ta’lim olishi uchun grantlar ajratish va boshqalardan iborat.
2. Adliya vazirligi “Iqtidorli bolalar” Xalqaro innovatsion jamoat birlashmasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
“Iqtidorli bolalar” Xalqaro innovatsion jamoat birlashmasining asosiy maqsad va vazifalari bolalar va yoshlarni har tomonlama rivojlanishlari uchun sharoitlar yaratish, ularning jismoniy va ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, shaxsni vatanparvarlik, umummilliy va umumbashariy qadriyatlar asosida shakllantirish, ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun ko‘maklashish hisoblanadi.
3. Adliya vazirligi “Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi”ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazining asosiy maqsad va vazifalari imkoniyati cheklangan yoshlar qatlamini, jumladan nogiron, ko‘zi ojiz, eshitish qobiliyati cheklangan, muomala layoqatiga ega bo‘lmagan yoshlar manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish hisoblanadi.