O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farovonlik uchun ovoz berilmoqda
2017-12-24 | Saylov
Yashnobod tumanidagi 481-saylov uchastkasi 24-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida joylashgan. Bu yer saylovchilar bilan gavjum. Ular tanlagan nomzodiga ovoz berishga oshiqmoqda. Nuroniy otaxon nevarasiga nimalardir deb, kirib kelmoqda.
– Nevaram 1-sinfda o‘qiydi. Juda qiziquvchan-da, saylovga borib kelamiz, desam, savollarni yog‘dirib tashladi. Saylov nima degani, qanday saylaymiz, kimga ovoz beramiz, u kishi keyin bizga nima beradi? Shu savollarga javob berib kelayapman, – deydi Azimjon ota Shorustamov. – Prezidentimiz taklifi bilan joriy etilayotgan poytaxtimiz tumanlari xalq deputatlari Kengashlari bizni xursand qildi, ayni paytda, har birimizda faxr-iftixor uyg‘otdi, daxldorligimizni oshirdi. Demak, biz ham o‘zimiz saylagan vakillar orqali tumanimizni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘layapmiz. Biz ovoz bergan, saylagan nomzoddan umidimiz katta. Shu hudud aholisi tashvishlari, muammolarini birgalikda hal etishdan manfaatdormiz.
Azimjon ota ovoz berish uchun kabina tomon ketdi. Biz bu yerdagi jarayon bilan tanishdik.
Mazkur saylov uchastkasida 1 ming 700 dan ortiq saylovchining ovoz berishi kutilmoqda. Ularning 7 nafari bu yil ilk bor saylovda ishtirok etayotgan yoshlardir. Saylov uchastkasi davlat ramzlari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, zarur adabiyot va qo‘llanmalar, ovoz berish kabina va qutilari, ona va bola, tibbiyot xonalari uchun zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Toshkent shahar xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashi deputatligiga nomzodlar haqida ma’lumot, nomzodlar dasturi aholiga o‘z vaqtida yetkazildi.
481-saylov uchastkasida saylov kuni belgilangan joyga kelolmaydigan fuqarolar ham e’tiborga olingan. Xususan, 4 nogiron ro‘yxatga olingan bo‘lib, saylov uchastkasi a’zolari ularning uyiga borib, tegishli tartibda ovoz berishini tashkil qilmoqda.
Har bir saylovchi ko‘zida ishonch hissi zohir. Zero, ular turmush farovonligi, oilasi, yaqinlari, o‘z hududi yorug‘ kelajagi uchun ovoz bermoqda.