O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sergelida saylov bayramona kayfiyatda o‘tmoqda
2017-12-24 | Saylov
Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov qizg‘in davom etmoqda. Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 285-umumta’lim maktabida joylashgan 416-saylov uchastkasi aholi bilan gavjum.
Ushbu siyosiy jarayonga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida puxta tayyogarlik ko‘rildi. Mahalla ko‘magida hududdagi saylovchilar ro‘yxati shakllantirilib, barcha tanishishi uchun qulay bo‘lgan joyga joylashtirildi. 416-saylov uchastkasida 2 ming 900 dan ortiq saylovchi ro‘yxatga olindi. Fuqarolarning yashirin ovoz berishi uchun kabinalar tayyorlandi. Saylov byulletenlari berish uchun joy ajratilgan va saylov qutilari o‘rnatildi.
– Yurtdoshlarimizda mazkur saylovda ovoz berish orqali yorug‘ kelajakni qurishga hissa qo‘shish istagi yuqoriligi sezilib turibdi, – deydi 416-saylov uchastkasi mas’ul kotibi Surayyo Jakbarova. – Ularning bu xohish-irodasini amalga oshirishi uchun saylov uchastkamizda barcha sharoit yaratilgan. Saylovga o‘n kun qolganida ularning barchasiga taklifnoma tarqatildi. Birin-ketin ular o‘zlari uchun munosib bo‘lgan nomzodga ovoz berib chiqmoqda.
Uchastka komissiyasining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun binoda barcha shart-sharoit yaratilgan. Zamonaviy komputer va aloqa vositalari, zarur mebel va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan.
– Nomzodlar haqida ma’lumotlar bilan saylov uchastkasida ularning dasturi aks etgan tashviqot materiallari, ko‘rgazmali vositalar orqali tanishdim, – deydi Yorqin hayot mahallasida yashovchi Laziz Ahmedov. – Saylov bayramona kayfiyatda o‘tmoqda. Yurtdoshlarimiz o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda munosib nomzodga ovoz bermoqda. Men ham mamlakatimiz kelajagini, tumanimiz istiqbolini o‘ylaydigan, ertangi kun ravnaqi uchun samarali mehnat qiladigan munosib nomzodga ovoz berdim.
Saylovda ilk marta ovoz beradigan yoshlarga milliy saylov qonunchiligini keng tushuntirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Bu yilgi saylovda hudud bo‘yicha 20 nafar yigit-qiz birinchi bor ishtirok etmoqda. "Men birinchi marta ovoz beraman!" shiori ostidagi tarqatma materiallar, joylarda o‘rnatilgan targ‘ibot bannerlari yosh avlodni saylov qonunchiligi bilan yaqindan tanishtirish barobarida, ularning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotir.
– Bu yil birinchi marta saylovda qatnashib, o‘zim munosib bilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, ovoz berdim, – deydi Diyora Rajabova. – Bunday muhim siyosiy tadbirda ovoz berish sharafli, ayni paytda mas’uliyatli ekanini ham chuqur anglab turibman. Shu bois, tengdoshlarimning saylov haqidagi tushunchalarini, saylov qonunchiligi borasidagi bilimini yanada boyitish muhim ahamiyat kasb etadi.
Hududda 9 nogiron ro‘yxatga olingan. Ko‘zi ojiz fuqarolar Brayl alifbosi qo‘llanilgan saylov byulletenlari orqali ovoz bermoqda. Jismoniy imkoniyati cheklangan, keksa yoshdagi insonlar hamda ba’zi sabablarga ko‘ra saylov kuni saylov uchastkasiga kelolmaydigan fuqarolarning ro‘yxati tuzilib, ularga uy sharoitida ovoz berish imkoniyati yaratilgan.