O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shudgordan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha jarayonning egasi aniq

2017-12-12 | Iqtisodiyot

Bugungi kunda turli sohalardagi innovatsiya va izlanishlar yangi yutuqlarga erishish, mustahkam raqobatni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, mamlakatimizda agrar sohani isloh qilish, qishloq xo‘jaligida zamonaviy usul va texnologiyalardan oqilona foydalanish ijobiy samaralar bermoqda.

Qishloq xo‘jaligida klaster usulining joriy etilishi yerni shudgorlashdan hosilni yig‘ishtirib olishgacha, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonda ko‘p bosqichli kompleks yondashuv tizimini yaratdi. Bu usul, ayniqsa, yengil sanoat korxonalarining dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan hamkorligini yanada mustahkamlashda ijobiy samaralar bermoqda. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda klaster usulida faoliyat yuritadigan yengil sanoat korxonalari yanada qo‘llab-quvvatlanmoqda. Prezidentimiz 2017 yil 28 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida Qiziltepa tumanidagi Toshrabot mahallasida bo‘lib, viloyatda yengil sanoatni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar bilan tanishgan edi. 

Viloyatdagi “Baxt tekstil”, “Toshrabot tekstil” va “Navbahor tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan zamonaviy va energiyatejamkor texnologik uskunalar asosida klaster usulida sifatli trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu klaster ishtirokchilari paxta tolasini chuqur qayta ishlab, jahon bozori talablariga mos eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradi. 

Umumiy qiymati qariyb 70 million dollarlik ushbu loyihalar amaliyotga tatbiq etilgach, paxta tolasi to‘liq qayta ishlanadi, ip-kalavadan tayyor mato, matodan turli trikotaj mahsulotlar tayyorlanadi. 

Prezidentimiz Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida O‘zbekiston paxtachiligining kelajagi sifatida qaralayotgan va Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida amalda qo‘llangan – paxtani yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichni o‘zida mujassam etgan klaster usuliga alohida to‘xtaldi. Xususan, bu istiqbolli tajribani keng yoyish maqsadida yurtimizdagi 30 dan ziyod yengil sanoat korxonasiga 400 ming gektardan ortiq paxta maydoni biriktirib berilishini ta’kidladi. 

Qiziltepa tumanidagi 305 fermer xo‘jaligining 8 ming 713 gektar paxta maydoni Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Baxt tekstil” O‘zbekiston – Rossiya – Lixtenshteyn qo‘shma korxonasiga biriktirildi. 

– Korxonamizda ishlab chiqarish quvvati yuqori bo‘lgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan, – deydi korxona rahbari F.Tursunov. – Buning natijasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Davlatimiz rahbari joriy yil mart oyida viloyatga tashrifi davomida tumanda paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. Dastlab korxonamizga 2 ming gektar paxta maydoni ajratilib, ayni paytda tasarrufimizdagi yer maydoni 4 barobar kengaydi. Joriy mavsumda tuman mirishkorlari bilan tuzilgan shartnoma rejasi 110 foiz bajarilgani klaster usulining yanada istiqbolli ekanini isbotladi. Yerni shudgorlashdan tortib, urug‘ qadash, ishlov va o‘g‘it berish, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, begona o‘t va hasharotlarga qarshi dori vositalari bilan ta’minlash, o‘z vaqtida oziqlantirish va sug‘orish ishlari monitoringi yuritildi. Tizim o‘zini oqladi. 42 nafar tajribali mutaxassis ish bilan ta’minlandi. 

Ayni paytda “Qiziltepa paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatida qayta ishlangan paxta tolasi to‘liq chuqur qayta ishlash uchun korxonaga yo‘naltirildi, 4 bosqichli tizim asosida qayta ishlanib, tayyor mahsulot holiga, ya’ni trikotaj ko‘rinishiga keltirilmoqda. Asosiysi, 560 kishi mehnat qilayotgan aksiyadorlik jamiyatida klaster usuli orqali yaratilgan tizim samarasida o‘tgan yilga nisbatan 9 milliard 860 million so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayrami arafasida “Baxt tekstil” qo‘shma korxonasi ko‘magida Qiziltepa tumanidagi fermer xo‘jaliklari 21 qishloq xo‘jaligi texnikasi va “GM Uzbekistan” korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobillar xarid qildi. 

Muxtasar aytganda, viloyatdagi yengil sanoat korxonalarining klaster usulidan keng foydalanishi hududda yetishtirilayotgan paxta xomashyosini shu yerning o‘zida to‘liq qayta ishlash, tayyor trikotaj mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish, jahon bozoridan munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi. 

 

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA​

Поделиться