O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Joriy yilda qancha korrupsiya va iqtisodiyotga oid jinoyatlar sodir etilganini bilasizmi?
2017-12-12 | Jamiyat
Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idora va tashkilotlar mas’ul xodimlari hamda jurnalistlar qatnashdi.
Kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat qurishda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
2017 yil 4 yanvardan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Qonun asosida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 fevraldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlar o‘z mazmun mohiyati, maqsadi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining bayoniga asosan tashkil etilgan tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlarining hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarning hisobini yuritish va tahlil qilish sohasida idoralararo hamkorlikni tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Davra suhbatida korrupsiyaga oid sodir etilgan jinoyatlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv Bosh boshqarmasining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda uning joylardagi tizimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 300 dan ziyod korrupsiya va iqtisodiyot asoslariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar aniqlangan. Mazkur jinoyatlar poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, valyuta qoidasini buzish, qalbaki pul yasash, talon-tarojlik hamda boshqa turdagi holatlar bilan bog‘liqdir.
Tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida 374 ta guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar fosh etilib, jinoyat sodir etgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jinoyatlar natijasida yetkazilgan moddiy zararning undirilishi ta’minlangan.
Keyingi vaqtlarda huquqbuzarliklar, jumladan, korrupsion huquqbuzarliklarning profilaktikasiga bo‘lgan e’tiborning kuchayganligi natijasida poraxo‘rlik jinoyatlari kamayishiga erishilgan.
Tadbirda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan muhim huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash nafaqat bu illatning oldini olish, davlat va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida odob-axloq qoidalariga rioya etish, korrupsiya bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlarini aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf etishga oid masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.