Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilandi. Yurtimiz bo‘ylab bu yil ilk bor nishonlanayotgan ushbu sana "Hosil bayrami" tadbirlari bilan uyg‘unlashgan holda o‘tmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardan poytaxtimizga tashrif buyurgan agrar sohaning eng ilg‘or vakillari Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘ydi.
– Inson uchun tinchlik va totuvlikdan ko‘ra qadrliroq ne’mat yo‘q, – deydi Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi “Bog‘ot” fermer xo‘jaligi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sharifboy Rajabov. – Bugun biz erishayotgan yutuqlar ana shu buyuk ne’matlar sharofatidan. Ayniqsa, Prezidentimizning qishloq xo‘jaligiga, tadbirkorlikni, fermerlik harakatini rivojlantirishga doir sa’y-harakatlari, sohaga bo‘lgan yuksak e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Bugun barchamizda islohotlarimizga daxldorlik hissi, mehnatimiz samarasiga bo‘lgan ishonch ortmoqda. Bu jihatlar dehqonu fermerlarimizning chin mehnati tufayli mo‘l hosil yetishtirilayotganida ham yaqqol namoyon. Bugungi bayramlar bizni yanada ruhlantirib, yangicha ruhda mehnat qilishga undaydi.
Tadbirlar ishtirokchilari Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida tashkil etilgan ko‘rgazmaga tashrif buyurdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, pirovardida qo‘l mehnatini yengillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Germaniya, Rossiya, Turkiya, Belarus va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari samara bermoqda.
Agrar soha vakillari mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eng zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan tanishdi. Mazkur texnikalarni sotib olish usullari, foydalanish samaradorligi, tejamkorligi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi xodimlari “O‘zko‘rgazmasavdo” markazida tashkil etilgan asal bayrami va asal mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi bilan tanishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 16-oktabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani yangi bosqichda rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Mazkur qaror bilan O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi tuzildi. “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga a’zo bo‘lish rejalashtirilgan, Farg‘ona davlat universitetida zootexnika fakulteti tashkil etiladi. Pirovardida sifatli asal va asal mahsulotlari yetishtirish hajmi ortib, eksport ko‘lami kengayadi.
Asal bayramiga tashrif buyurgan mehmonlar mutaxassislar bilan sohaning nozik sirlari, hosildorlikni oshirish va tarmoqni kengaytirish istiqbollari borasida fikr almashdi.
Bayram ishtirokchilari Toshkent viloyatidagi ilg‘or qishloq xo‘jaligi subyektlari bilan tanishdi.
O‘rta Chirchiq tumanidagi «O‘zbegim otlari» ot zavodida parvarishlanayotgan qadimiy ot zotlari – axaltaka tulporlari dunyoga mashhur sanaladi. Bugungi kunda mazkur ot zavodida 400 ga yaqin axaltaka, ingliz va arab zotli otlar bor.
Mamlakatimizda yilqichilik va ot sporti jadal rivojlanayotgan soha hisoblanadi. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 15 iyundagi "O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Bolaligimdan ot boqishga qiziqaman. Shu bois, fermerlik faoliyatimda ham yilqichilikka e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi "Orol ne’matlari" fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Ne’matov. – Bugungi kunda xo‘jaligimizda g‘alla va paxta yetishtirishdan tashqari, baliqchilik, asalarichilik bilan shug‘ullanmoqdamiz. Shuningdek, 150 ot, 450 qoramol, 300 qo‘y boqilayotir. Kelajakda zotdor otlarni ko‘paytirish niyatidamiz. "O‘zbegim otlari" ot zavodida bu borada kerakli ma’lumotlarni oldik, hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida bir guruh qishloq xo‘jaligi xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan taqdirlangan sohaning ilg‘or vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov yuksak davlat mukofotlarini tantanali topshirdi.
– Mehnatlarim bunday nufuzli mukofotga munosib ko‘rilganidan xursandman, – deydi «Shuhrat» medali sohibi, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani «Sangzor parranda» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Diyor Bozorov. – Joriy yilda 1 million 500 ming dollarlik tuxum eksport qildik. Korxonamizda yetishtirilgan 190 ming bosh 90 kunlik jo‘ja buyurtma asosida fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi. Bugungi rag‘bat bizni yangi marralar sari yanada ruhlantiradi. 2018 yil 20 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Shunda 5 million dollarlik tuxumni eksportga chiqarish imkoniga ega bo‘lamiz.
Qishloq xo‘jaligi xodimlari Toshkent shahridagi muzeylarda bo‘ldi, teatrlarda spektakllar tomosha qildi.
Sayyora Shoyeva, Ulug‘bek Asrorov, Oqil G'ulomov (surat), O‘zA