Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 9-dekabr kuni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Tadbirni videoselektor orqali 157 mingdan ziyod soha xodimlari kuzatib bordi.
Davlatimiz rahbari barcha yig‘ilganlarni yurtimizda birinchi marotaba nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayrami bilan muborakbod etdi.
Mirishkor dehqon va fermerlar, suvchi va irrigatorlar, mexanizator va agronomlar, agrar tarmoq olimlari dunyodagi eng sharafli kasb egalaridir. Bu sohaning mehnati qanchalik sharafli, noni esa qanchalik totli va shirinligini hamma yaxshi biladi. Dehqon deganda, bepoyon dalalar, bog‘-rog‘lar, dasturxondagi turli noz-ne’matlar, to‘yu-tomosha, xursandchilik kunlarimiz, butun hayotimiz ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi.
Prezidentimiz aytganlaridek, dehqon bu – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchidir. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz “olam ahlining to‘qligi, quvonchi, avvalo, yerga urug‘ sochib, bebaho noz-ne’mat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir” deb, mirishkor dehqonlar xizmatiga juda katta baho bergan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yil yakuniga yetayotgan hozirgi pallada agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini tahlil qilish va kelasi yil uchun eng muhim chora-tadbirlarni belgilab olish dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, fermerlik harakatini rivojlantirish natijasida mamlakatimizda keyingi yillarda 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi shakllanib, ular bugungi kunda 10 dan ziyod yo‘nalishda samarali faoliyat yuritmoqda. Keyingi ikki yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari 45 foiz ko‘payib, ularning soni 75 mingtaga yetdi. Faqat shuning hisobidan joylarda, uzoq-uzoq qishloqlarda yuz minglab ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yil mamlakatimizda 8 million 377 ming tonna g‘alla, 2 million 930 tonnadan ziyod paxta, 12 ming 450 tonna pilla, 318 ming tonna sholi, 23 million tonna meva-sabzavot, 13 million tonna go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirildi.
Mamlakatimizda birinchi marta shafran ekish yo‘lga qo‘yildi, soya ekish kengaydi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilindi. 856 million dollarlik 724 ming tonna ho‘l meva xorijga sotildi.
Chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish dasturlari doirasida baliq, asal yetishtiriladigan, parranda, echki, qoramol boqiladigan ko‘plab xo‘jaliklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Zotdor qorabayir otlarini ko‘paytirish va ot sportini rivojlantirish maqsadida Qashqadaryoda yangi yilqichilik kompleksi tashkil etildi. Toshkent viloyatida va yurtimizning boshqa hududlarida ham bunday majmualar barpo etilmoqda.
Baliqchilik sohasini tiklash uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uning tizimiga 3 ming 600 baliqchilik xo‘jaligi kiritildi. Joriy yilda 580 ming gektar tabiiy va 28 ming gektar sun’iy ko‘llarda 100 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi.
Yana bir muhim yo‘nalish – asalarichilik sohasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tashkil etilib, unga asal yetishtiradigan 14 mingdan ortiq tadbirkor a’zo bo‘ldi.
Suv resurslari cheklangan mintaqamizda dehqonchilik qilish ancha og‘ir va mashaqqatli. Shu bois suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning tashabbuskori bo‘lgan xo‘jalik va tashkilotlarga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar yaratib berilmoqda. Natijada bugungi kunda qariyb 240 ming gektar maydonda ana shunday texnologiyalar, jumladan, 28 ming gektar yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi.
Lekin bu yutuqlar xotirjamlik uchun asos bo‘lolmaydi, albatta, dedi Prezidentimiz. Qishloq xo‘jaligi sohasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar, o‘z yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ham mavjud.
Avvalo, yerdan unumli foydalanish va uni talon-taroj qilishning oldini olish – eng muhim vazifalardan biridir. Mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlar atigi 3 million 300 ming gektar bo‘lib, uni ko‘paytirishning iloji yo‘q.
Yana bir muammo – sug‘orish inshootlari eskirib, tarmoqlar yaroqsiz holga kelib qolmoqda. Oqibatda 830 ming gektar yerni sug‘orishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Aholini sifatli go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan talab darajasida ta’minlash ham eng asosiy vazifalardan. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bunga erishish uchun qo‘shimcha zotdor qoramol boqishni yo‘lga qo‘yish, parranda boqishga mo‘ljallangan xo‘jaliklarni ko‘paytirish kerak.
Shuningdek, meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish, sifatli tarzda aholiga yetkazish, imkon qadar ko‘proq qayta ishlash va eksport qilish ishlarini yanada faollashtirish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi. Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning atigi 15 foizi qayta ishlanadi, 8 foizi eksport qilinadi, xolos. Bu raqamlar O‘zbekistonning salohiyatiga mos emas.
Mamlakatimiz bo‘yicha 445 ming gektar eng unumdor yer aholiga tomorqa sifatida berilgan. Lekin undan foydalanish talab darajasida emas. Tomorqada sitrus mevalar yetishtirishga mo‘ljallangan ixcham issiqxonalar barpo qilish, yong‘oq, unabi va boshqa ko‘chatlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish yaxshi foyda keltiradi.
Qishloq xo‘jaligi texnikasining holatini yaxshilash ham dolzarb masala bo‘lib turibdi. Mamlakatimizdagi 146 ming 295 dona qishloq xo‘jaligi texnikasining 38 foizi butunlay eskirgan. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlar bog‘ va tokzorlarga ishlov berish, sabzavot ekish, parvarishlash va yig‘ib olishga mo‘ljallangan texnika bilan 34 foizgina ta’minlangan, xolos. Bu esa mehnat unumdorligi va hosildorlikning pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ilm-fan hayot talablaridan orqada qolayotgani jiddiy muammolardan biridir. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli ilmiy-tadqiqot institutlari agrar fan va seleksiyani rivojlantirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni ishlab chiqarish va amaliyotga joriy etish, har bir hududda tuproq va iqlim sharoitiga mos ekin navlarini yaratish va joylashtirish borasidagi o‘rni va rolini keskin oshirish lozimligini qayd etdi.
Bu ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi zamonaviy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini bermaydi. Zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan kadrlar yetishmaydi. Ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta.
Davlatimiz rahbari bu holatlarning barchasini hisobga olib, sohaga ilmiy yondashuvni yo‘lga qo‘yish hamda malakali kadrlar tayyorlash uchun Veterinariya instituti tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Terini qayta ishlash sohasi ham jiddiy e’tibor talab qiladi. Mamlakatimizda 12 million donadan ziyod terini yig‘ish, chuqur qayta ishlash, yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulot tayyorlash bo‘yicha ishlarni faollashtirish maqsadga muvofiqdir.
Prezidentimiz mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida Parrandachilik ilmiy markazini tashkil etishni taklif qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xalqimizni eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri bo‘lgan kartoshka bilan to‘la ta’minlash uchun yiliga o‘rtacha 50 ming tonna sifatli kartoshka urug‘ini yetishtirish talab etiladi. Shavkat Mirziyoyev buning uchun Gollandiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega bo‘lgan mahalliy urug‘chilik markazi va maxsus korxonalar tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Fermer xo‘jaliklarida yerdan unumli foydalanish, daromad hajmini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor berish zarur. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2 million 626 ming gektar maydonning umumiy uzunligi 385 ming kilometr bo‘lgan chekka qismlarida sabzavot va poliz ekinlari ekishni yo‘lga qo‘yish orqali 415 ming tonna qo‘shimcha mahsulot yetishtirishga erishish mumkin. Har bir fermer xo‘jaligi dalasida bir boshdan, jami 14 ming sog‘in sigir, 21 ming 125 fermer xo‘jaligining har birida 50 boshdan, jami 1 million 57 ming parranda, 66 ming fermer xo‘jaligining dala chetlarida 329 ming quti asalari boqish hisobidan 7 ming 200 tonna asal yetishtirish imkoniyati mavjud.
Jiddiy yondashuvni talab etadigan yana bir masala – yengil sanoat korxonalarini sifatli tola bilan ta’minlash. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu munosabat bilan 2018-yilda 1 million 200 ming tonna paxta tolasini yurtimizda to‘liq qayta ishlab, xorijga faqat tayyor mahsulot eksport qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, qishloq xo‘jaligining yuqori samaradorligini ta’minlash uchun barcha darajadagi rahbarlar, ayniqsa, tumanlardagi 4 sektor rahbarlari mas’uliyatini oshirish talab etiladi. Barcha rahbarlar qishloq xo‘jaligi masalalari, ya’ni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashabbus ko‘rsatib ishlashi, eng muhimi, natijadorlikka erishmog‘i shart.
Anjumanda Prezidentimiz ushbu qutlug‘ bayram arafasida agrar sohada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan, yurtimiz qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan, bu borada o‘ziga xos maktab yaratgan fidoyi yurtdoshlarimizdan bir guruhi Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganini e’lon qildi, ularni tantanali ravishda egalariga topshirdi.
Tadbir ishtirokchilari davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan reja va dasturlarni amalga oshirish uchun o‘zlarida kuch va imkoniyat, bilim va tajriba yetarli ekanini, yurt ravnaqi yo‘lida g‘ayrat bilan mehnat qilishlarini ta’kidladilar.
Anjuman yakunida O‘zbekiston san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Farhod Qurbonboyev (surat), O‘zA