O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Zilol mahallasida beshta 7 qavatli yangi uy foydalanishga topshirildi
2017-12-07 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yillik bayrami arafasida Jizzax shahrining Zilol mahallasida beshta 7 qavatli yangi uy foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 2017-2020-yillarda viloyatda 2 ming 145 xonadonga mo‘ljallangan 50 ko‘p qavatli uy qurilishi belgilangan. Dastur asosida 2017-yilda 210 oilaga mo‘ljallangan beshta uy qurib bitkazildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida odamlarning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, duch kelayotgan muammolarini hal etish, ayniqsa, uy-joyga ehtiyojmand aholiga imtiyozli ravishda uylar uchun boshlang‘ich badal pulini to‘lab berish joriy qilingani yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Bu g‘amxo‘rlik odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
Uylar bilan bir vaqtda tashqi muhandislik tizimlari – aloqa, gaz, elektr, kanalizatsiya va ichimlik suvi tarmoqlari to‘liq bitkazildi. Kanalizatsiya va ichimlik suvi tarmoqlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Uy-joylarni berishda yosh oilalar alohida e’tiborga olindi.
– Davlatimiz biz, yoshlarning jamiyatda munosib o‘rin topishimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganidan behad minnatdormiz, – deydi yangi uy sohiblaridan biri G‘anisher Usmonov. – Yosh oilalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli barcha qulaylikka ega 2 xonali uyga ega bo‘ldik. Biz bu g‘amxo‘rlikni Vatanimizga, xalqimizga sidqidildan xizmat qilish bilan oqlaymiz.
Viloyatda 2018-yilda 650 xonadonli o‘nta uy qurilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda bu uylarda qurilish ishlari davom etmoqda.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Soliyev so‘zga chiqdi.
Toshqul Beknazarov, O‘zA