O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtidorli yoshlarga yuksak mukofotlar topshirildi
2017-12-07 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh yoshlarga yuksak davlat mukofotlari, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz yoshlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ular o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon qilishlari, yuksak ilmi, fidoyiligi bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlari uchun barcha sharoit mavjudligini alohida ta’kidladi.
Yoshlar – kelajak bunyodkori. Bugungi O‘zbekiston yoshlari xalqimizning boy ma’naviy-ma’rifiy merosini, zukkoligi, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ezgu an’analarini o‘zida mujassam etgan holda, jamiyatimizda munosib o‘rin egallamoqda. Bu jihatlar yoshlarimizning izlanuvchanligi, bilim egallashga bo‘lgan ishtiyoqi, yaratuvchanlik xislati, islohotlarimizga daxldorlik tuyg‘usi mustahkamligida namoyon bo‘ladi. Shu bois yurtimiz yoshlariga yaratilgan sharoitlar, keng ko‘lamli imkoniyatlarga, pirovardida, ular erishayotgan muvaffaqiyatlarga ko‘pchilik, xususan, dunyo yoshlari havas bilan qaramoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi. Mamlakatimizda 30 iyun – Yoshlar kuni, deb e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti ish boshladi. Yoshlar uylari barpo etilmoqda. Turli soha va tarmoqlarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan yigitlarni taqdirlash maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etildi, “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etilmoqda.
Bu yil Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 37 nafar yosh avlod vakili davlatimizning “Do‘stlik” ordeni va “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi qarori bilan 40 nafar yigit-qiz “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi arafasida yuksak mukofotlar tantanali topshirildi.
– Bu mukofot bizni yangi marralar sari chorlaydi, – deydi Xorazm viloyati Urganch shahridagi maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi rahbari, “Shuhrat” medali sovrindori Islombek Avezov. – Yurtimizda yoshlar manfaati yuksak qadrlanadi, barcha imkoniyatlarga egamiz. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish bizning vazifamizdir. Hozir 10 nafar tengdoshimni ish bilan ta’minlaganman. Yoshlarga kasb o‘rgatish markazini tashkil qildik. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirib, 30 yangi ish o‘rni tashkil qilishni rejalashtirganmiz.
Davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan yoshlarimiz safi yil sayin kengayib bormoqda. Zero, yosh chog‘im – oltin chog‘im, deydi donishmand xalqimiz. Bu faslning beqiyos imkoniyatlaridan unumli foydalanish, bilim egallab, Vatanimizga xizmat qilish yanada sharaflidir.
Tantanali tadbirda yuksak mukofot olgan yoshlar dil izhorlarini bildirdi.
Ulug‘bek Asrorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA