O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ijodkorlarni izlanishga undagan festival

2017-12-01 | Jamiyat

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida "PROlogue" – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar III festivali g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, "O‘zbekkino" Milliy agentligi, Yosh kinoijodkorlar kengashi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur kinohaftalik yorqin va rang-barang tadbirlarga, ijodiy uchrashuvlarga, ijodiy muloqotlarga boy bo‘ldi. 

Tadbirda yoshlar kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik hayot yo‘lini kino san’ati bilan bog‘lagan yigit-qizlar faoliyatida ham yaqqol aks etayotgani ta’kidlandi. 

Bu jihatlar yosh kinoijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning mahoratini oshirish, bilimlarini boyitish va kengaytirishga qaratilgan "PROlogue" festivalida ham o‘z ifodasini topdi. Joriy yilgi festivalning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda tashkil etilgani mazkur haftalikka tobora ko‘proq kino muxlislarini jalb etishda, rang-barang tadbirlarda ishtirok etuvchi yigit-qizlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar qamrovini tobora kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. 

Kinohaftalik dasturidan o‘rin olgan fotoko‘rgazmalar, ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Tajribali rejissyorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan mahorat saboqlarida yoshlar badiiy-g‘oyaviy jihatdan mukammal film, ssenariynavislik, zamon qahramonini ekranda aks ettirish, adabiyot va milliy kinematografiya uyg‘unligi, bugungi globallashuv davrida kinoijodkorning vazifasi kabi mavzularida o‘z bilimlarini yanada boyitdi. 

Yoshlar taqdim etgan yuzga yaqin film orasida saralash komissiyasi tomonidan eng muvaffaqiyatli deb topilgan 15 ta kartina festivalda ishtirok etish uchun tavsiya etilgan edi. Haftalik dasturidan o‘rin olgan ushbu filmlar festival hakamlar hay’ati tomonidan batafsil tahlil etildi. 

Festivalda "Eng yaxshi rejissyor" nominatsiyasida Hasan Alijonov "Akvarium" filmi uchun g‘olib topildi. Maftuna Alloqulovaning "Xorazm – jonginam" kartinasi "Eng yaxshi ssenariy" nominatsiyasida muvaffaqiyat qozondi. "Eng yaxshi operatorlik ishi uchun" nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblik "Limuzin" filmi tasvirchisi Baxtiyor Otaboyevga berildi. "Eng yaxshi erkak roli" nominatsiyasi "Ustunsiz uy" filmidagi ijrosi uchun Fotih Nasimovga topshirildi. Oyparcha Abdullayeva "Dilemma" kartinasidagi roli uchun "Eng yaxshi ayol roli" nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. 

Festivalning bosh sovriniga – "Eng yaxshi qisqa metrajli film" nominatsiyasida Muxlisa Azizova "U" kartinasi uchun munosib topildi. 

G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert kechaga fayz bag‘ishladi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev ishtirok etdi.

 

Nazokat Usmonova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA

Поделиться