O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Targ‘ibot-tashviqot ishlari boshlandi
2017-12-01 | Jamiyat
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga nomzodlar va ularning ishonchli vakillari ishtirokida partiya Toshkent shahar kengashi saylovoldi shtabining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.Yoqubov va boshqalar joriy yil 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovni yuksak saviyada tashkil etish, saylovoldi targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish, saylovlarning ochiq va oshkoralik, sog‘lom raqobat muhitida o‘tishini ta’minlash asosiy vazifalardan ekanligini ta’kidladi.
Tadbirda saylovoldi targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish hamda nomzodlarning ishonchli vakillari zimmasidagi vazifalarga e’tibor qaratildi.
Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda aholi turli qatlamlarining maqsad-muddaolari va manfaatlarini ifodalovchi jamoat tashkiloti – siyosiy partiyalar muhim o‘rin tutadi. Siyosiy partiyalarsiz mamlakatimizda vakillik demokratiyasini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki aynan partiyalar orqali fuqarolar o‘z vakillarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini amalga oshiradi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, partiya ham saylovda qatnashayotgan barcha siyosiy partiyalar va o‘zini o‘zi boshqarish organlari qatori Toshkent shahrining 11 tumanida tashkil etilgan 330 ta saylov okrugiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatdi. Saylovchilarning deputatlikka nomzodini yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga qaratilgan saylovoldi tashviqot boshlandi.
Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga nomzodlar uch nafarga qadar o‘z ishonchli vakiliga ega bo‘lishi mumkin. Ishonchli vakillar nomzod deputat etib saylanishi uchun tashviqot yuritadi. Mahalliy davlat organlari va jamoat birlashmalari saylovchilari bilan o‘zaro munosabatlarda, shuningdek, saylov komissiyalarida nomzodning manfaatlarini himoya qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni ro‘yxatga olib, ularga guvohnoma beradi. Ishonchli vakil saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
Siyosiy partiyaning vakolatli vakili siyosiy partiyaning tegishli hududiy organi tomonidan saylov uchastkalari tuzilganidan so‘ng tayinlanadi. Siyosiy partiyaning tegishli hududiy organi rahbari saylov kunidan kamida 15 kun oldin tegishli okrug saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxatini taqdim etadi.
Tadbirda saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish, unda faol qatnashish, vazifalarni o‘z vaqtida bajarish zarurligi aytildi.