O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Amudaryo–do‘stlik daryosi
2017-12-01 | Ekologiya
Xorazmda O‘zbekiston Ekologik harakati va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan “Xalqaro Amudaryo kuni” loyihasi doirasida tadbirlar o‘tkazildi.
Amudaryo – Markaziy Osiyodagi eng sersuv, yirik daryo. U Pomir tog‘laridan, 4 ming 950 metr balandlikdan boshlanadi. Vohondaryo Pomirdagi Zo‘r ko‘ldan chiqib keladigan Pomir daryosi bilan qo‘shilgandan keyin Panj deb ataladi. Panjga o‘ngdan G‘unt, Bartang, Yazg‘ulom, Vanj, Qizilsuv irmoqlari kelib qo‘shiladi. Nihoyat, eng yirik va sersuv irmoq – Vaxsh daryosi qo‘shilgandan so‘ng Amudaryo nomini oladi. Bu qismda unga yana chapdan Qunduzdaryo, o‘ngdan Kofarnihon, Surxondaryo qo‘shiladi. Amudaryo boshlang‘ich nuqtasidan to Orol dengiziga yetguncha 1 ming 415 kilometr.
Viloyat bo‘ylab o‘n kun davomida amalga oshirilgan loyihalar doirasida Amudaryo havzasi bioxilma-xilligini asrash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish, ekologik ta’lim-tarbiyaga ko‘maklashish kabi ezgu maqsadlar yo‘lida qator tadbirlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Ekologik harakati viloyat hududiy bo‘limi mas’ullari, viloyat xalq ta’limi, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari mutaxassislari, viloyatdagi milliy madaniy markazlar vakillari, yoshlar ishtirokida Amudaryo suv xo‘jaligi obyektlariga ekosayohat, yugurish marafoni hamda daryo sohili bo‘ylab ekologik hashar tashkil etildi.
– Amudaryoning ifloslanishi, undagi bioxilma-xillikning buzilishi, atrofidagi hayvonot olami yo‘qolib borayotganining asosiy sababchisi o‘zimiz, deb bilaman, – deydi mehnat faxriysi Kenjaboy Ortiqov. – Tashkil etilayotgan tadbirlar Ekoharakat faollari, ayniqsa, yoshlarning ushbu daryo to‘g‘risida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, uning suvidan foydalanish masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish, pedagog kadrlarning zarur bilim va ko‘nikmasini yanada boyitishda muhim ahamiyatga ega.
"Xalqaro Amudaryo kuni" doirasida Urganch shahridagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabida “Amudaryo” havzasi suv xo‘jaligi birlashmasining 30 yilligi, Davlatlararo “Amudaryo” irrigatsiya kanallari boshqarmasi tashkil etilganining 90 yilligi munosabati bilan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda kelgusida suvdan oqilona foydalanish sohasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.