O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“EXPORestaurants & Cafe–2017”–restoran va kafe biznesini yuritish loyihalari namoyishi

2017-12-01 | Iqtisodiyot

“O‘zekspomarkaz”da “EXPORestaurants & Cafe – 2017” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada milliy va xorijiy kompaniyalar, oshpazlik uyushmalari, shuningdek, sohaga oid korxonalar vakillari, mutaxassis va ekspertlar ishtirok etmoqda.

Tadbir mehmonxona xo‘jaligi va restoran biznesi, professional kadrlar tayyorlash hamda malakasini oshirish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada to‘plangan xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida tashkil etilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
 
Mamlakatimiz sayyohlik sanoati yuqori salohiyatga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori natijasida ushbu soha iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biriga aylantirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq soha rivoji, xususan, mehmonxona, restoran va boshqa xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
 
Restoran biznesi sayyohlikning eng ko‘p daromad keltiradigan tarmoqlaridan. Yurtimizda restoran xodimlarining malakasini oshirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish texnikasini takomillashtirish va bu boradagi xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilayotir. Poytaxtimizda tashkil etilgan navbatdagi “EXPORestaurants & Cafe – 2017” ko‘rgazmasi ham ana shunday loyihalardan biridir.
 
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ko‘rgazmada mamlakatimiz va dunyoning o‘ndan ziyod davlatlarida faoliyat yuritayotgan professional restoran uskunalari importchilari, dizaynerlar, qurilish va yoritish asboblari yetkazib beruvchi kompaniya vakillari qatnashmoqda.
 
Ko‘rgazmada bozor uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchilari, ovqatlanish joylari, bog‘ me’morchiligi (landshaft) va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha loyihalashtiruvchi firmalar, mebel fabrikalari, turli agentliklar, biznesni avtomatlashtirish bo‘yicha xizmatlar taqdim etuvchi tashkilotlar kabi bo‘limlarda restoran va kafe sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlari qamrab olingan.
 
Tadbir doirasida malakali mutaxassislar tomonidan seminar-treninglar, mahorat darslari o‘tkazilmoqda. Restoran biznesida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, biznesni boshqarish masalalari, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi kabi qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish imkonini beradi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA

Поделиться