O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«O‘zbekistonda o‘rmon resurslarini baholash va monitoring tizimini takomillashtirish» loyihasi yakunlari
2017-11-30 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamkorligida amalga oshirilgan «O‘zbekistonda o‘rmon resurslarini baholash va monitoring tizimini takomillashtirish» loyihasining yakunlariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Hakimov va boshqalar mamlakatimizda o‘rmon xo‘jaliklari umummilliy boylik sifatida e’tirof etilib, davlat muhofazasiga olingani, o‘rmonzorlarni kengaytirish, asrab-avaylash, tabiatning bebaho ne’matlaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanishga qaratilgan mustahkam tizim yaratilgani, ayni jarayonda xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘rmonlarni kengaytirish, monitoring qilish borasida qator loyihalar hayotga tatbiq etilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 11-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston o‘rmonzorlarida 68 turdagi yog‘ochli, 320 turdagi butali va 134 xil yarim butali o‘simlik turlari ro‘yxatga olingan. Ular qamrab olgan umumiy maydon 10 million gektarga yetgan.
2016-2017 yillar soha xodimlarining malakasini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamkorligida «O‘zbekistonda o‘rmon resurslarini baholash va monitoring tizimini takomillashtirish» loyihasi amalga oshirildi.
Loyihaning maqsadi landshaft tahliliga va boshqa ma’lumotlarga tayangan holda, o‘rmon xo‘jaligiga oid aniq ma’lumotlar bazasini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Loyiha doirasida o‘rmon maydonlari va daraxt resurslarini to‘g‘ri va to‘liq (integratsiyalashgan) holatda baholash va monitoringini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga xaritalar yaratish va monitoring maqsadlarida geologik axborot tizimlari va masofaviy zondlash tahlilini olib borish uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash, mahalliy soha mutaxassislarining zamonaviy bilimlarini oshirish hamda o‘rmonli hududlardan ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish bo‘yicha qator ishlar bajarildi.
Seminarda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy vakolatxonasi mutaxassislari loyihaning maqsad va vazifalari, erishilgan natijalari haqida xulosalarini bildirdi.
– Biz loyiha doirasida mamlakatning barcha hududlarini qamrab oluvchi ma’lumotlar tizimini va xarita uchastkalarini tayyorladik, – deydi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy vakolatxonasi yetakchi mutaxassisi, «O‘zbekistonda o‘rmon resurslarini baholash va monitoring tizimini takomillashtirish» loyihasi bo‘yicha yetakchi texnik mutaxassis Peter Pexachek. – Qolaversa, o‘rmon resurslarini monitoring qilish tizimini masofadan tasvirga olish maqsadida “Collect Earth” dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dasturning afzalligi shundaki, u mamlakatingiz hududi katta qismini ekspress, ya’ni tezlik bilan baholash imkoniyatini beradi. Bu kabi baholash tizimi yer qoplamini modellashtirish va tahlil qilishda qulayliklar yaratadi.
Tadbirda jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.