O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Autsorsing tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda
2017-11-30 | Jamiyat
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakultetida oziq-ovqat ta’minoti sifatini yanada yaxshilash, oshxonalar taomnomasini kengaytirish maqsadida autsorsing tizimi sinovdan o‘tkazildi. Unda Mudofaa vazirligi mas’ul rahbarlari hamda poytaxtimizdagi umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari qatnashdi.
Mamlakatimizda harbiy xizmatchilarning sifatli ovqatlanishlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining me’yoriy quvvati orttirib borilmoqda. Yanada yuqori kaloriyali ovqatlanish ratsionini kiritish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Oziq-ovqat ta’minotini takomillashtirish maqsadida harbiy xizmatchilarning oziq-ovqat ta’minoti to‘g‘risidagi yangi qoida, shaxsiy tarkib ovqatlanishini tashkil qilish bo‘yicha umumiy talablar, shuningdek, mahsulotlarga ishlov berish va ovqat tayyorlash texnologiyalari qoidalari ishlab chiqilgan.
Mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda oshxonalarni zamonaviy texnologik jihozlar, yuqori sifatli idish-tovoqlar bilan ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa harbiy xizmatchilarning sifatli ovqatlanishlari uchun qulay sharoitlar yaratmoqda.
Ishlab chiqaruvchilarning tanlash imkoniyati mavjudligi yetkazib berilayotgan oziq-ovqatlar sifatini nazorat qilib borishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda barcha qo‘shin omborxonalari oziq-ovqat mahsulotlarining fizik-kimyoviy xususiyatlarini puxta tahlil qilish imkonini beruvchi eng zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlanmoqda.
Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va bo‘linmalarga autsorsing tizimini joriy qilish borasidagi sa’y-harakatlar ham aynan Vatan himoyachilarining oziq-ovqat ta’minoti sifatini yanada yaxshilash, oshxonalar taomnomasini kengaytirishga qaratilgan.
Tadbirda oliy harbiy ta’lim muassasasidagi oziq-ovqat tizimi, kursantlar oshxonasi faoliyati o‘rganildi. Korxona vakillari va vazirlik mas’ul xodimlari o‘rtasida savol-javoblar o‘tkazildi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA