O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi
2017-11-30 | Jamiyat
Unda tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblikni egallagan 100 dan ortiq qiz ishtirok etdi.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.G‘afurova mamlakatimizda qizlarning bilim va iqtidorini ro‘yobga chiqarish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
2000-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan tanlov a’lo xulqi, zukko va tashabbuskorligi, keng dunyoqarashi va boy tafakkuri bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan iste’dodli qizlarni kashf etishga xizmat qilmoqda. Davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgan qizlar keyinchalik o‘qishda, ilmiy va ijodiy faoliyatda ham boshqalarga ibrat bo‘lib, jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda. Buni shu paytga qadar ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirlangan 18 nafar samarqandlik qiz hayoti va faoliyatida ham ko‘rish mumkin.
Ishtirokchilar adabiyot, fan, ta’lim, san’at va madaniyat yo‘nalishlarida o‘z mahoratini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Malakali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati har bir yo‘nalish bo‘yicha ularning ijodiy ish va chiqishlari, tanlovga taqdim etgan materiallariga baho berdi.
– Shu paytgacha ko‘plab ilmiy anjumanlar, xalqaro tanlovlarda qatnashib, sovrindor bo‘lganman, – deydi Samarqand davlat universiteti talabasi Dilshoda Ibrohimova. – Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro “Yosh matematiklar” olimpiadasida g‘oliblikni egallaganman. Lekin Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tanlov jarayonida ushbu nomga sazovor bo‘lish qanchalik zahmatli va mas’uliyatli ekanini his qildim. Bu tanlovda qatnashayotgan barcha qizlar g‘oliblikka munosib, deb bilaman.
Tanlov yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va ularning ijodiy ishlari mamlakat bosqichiga tavsiya etildi.
G‘olib Hasanov, O‘zA