O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Faxrimiz va g‘ururimiz asosi
2017-11-29 | Jamiyat
Buxoroda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” shiori ostidagi o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan Respublika O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tanlov yosh avlod ongiga Asosiy qonunimiz mazmun-mohiyati, unda mustahkamlangan huquq va erkinliklar haqidagi tushunchalarni singdirish, ularning huquqiy bilimi va madaniyatini oshirish, ijtimoiy daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Tanlovda ishtirok etgan 13 o‘quvchining savol-javoblar asosida Konstitutsiyamiz haqidagi bilimi, Bosh qomusimiz boblariga sharhlari, ayni paytda muloqot jarayonidagi notiqlik mahorati baholandi.
Buxoro soliq kolleji o‘quvchisi Otabek Baxtiyorov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Kollejimizda biz, yoshlarning zamonaviy bilim olishimiz, kasb-hunar egallashimiz, sport bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi tanlov g‘olibi O.Baxtiyorov. – Bularning barchasiga Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan tamoyillar asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuning uchun Bosh qomusimizni bilish va unga amal qilish har bir fuqaroning burchi va majburiyatidir. Shu haqda hikoya qiluvchi videoroligimiz taqdimoti ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lganidan xursandmiz.
Erkin Yodgorov, O‘zA