O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Korxonaning eksport salohiyati yuksalmoqda

2017-11-29 | Iqtisodiyot

Namangan shahridagi “Namangan momiq sochiqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan turli o‘lchamdagi sochiqlar, kattalar va bolalar uchun xalat va choyshablar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. 

2009-yilda ish boshlagan korxona nafaqat viloyat, balki mamlakatimizdagi yetakchi eksportchi korxonalardan biriga aylandi. 2014-yilda 996 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, 2016-yilda bu ko‘rsatkich 5 million 800 ming dollarni tashkil etdi. Joriy yilning birinchi yarmida 3 million dollardan ziyod mahsulot tashqi bozorda sotildi. 

– Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ayniqsa, yengil sanoatni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani korxonamiz rivojida muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “Namangan momiq sochiqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘.Boboxonov. – Jumladan, biznes loyihamizni amalga oshirishda dastlab imtiyozli bank krediti tayanch bo‘lgan bo‘lsa, so‘ngra eksportchi korxonalar uchun joriy qilingan soliq imtiyozlaridan unumli foydalanib kelmoqdamiz. Tashqi bozorga chiqaradigan mahsulotimiz nafaqat korxonamiz manfaatiga, balki “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorliqni munosib tutib, chet ellarda yurtimiz obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga ham xizmat qilishi kerak. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida 2014-yilda 2 million 800 ming dollar miqdoridagi bank kreditini ishlab chiqarishni rivojlantirish loyihasiga yo‘naltirdik. Modernizatsiya natijasida qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2014-yilda korxonamizda 62 kishi ishlagan bo‘lsa, ayni paytda ular soni 280 nafarga yetdi. Ishchilarning 100 ga yaqini kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir. 

Bugungi taraqqiyot sur’ati tadbirkordan uzoqni ko‘ra bilish, tobora kuchayib borayotgan raqobatga munosib biznes loyihalar ustida izlanishni taqozo etmoqda. Shuni hisobga olgan tadbirkor G‘.Boboxonov ishning boshidayoq maqsadni katta olib, sa’y-harakatlarni ham shunga yarasha qildi. Jahon bozoridagi talab va taklif, bevosita shu yo‘nalishdagi rivojlangan korxonalar tajribasini o‘rgandi, shundan so‘nggina o‘z strategiyasini belgiladi. Turkiya va Yevropa davlatlarining eng zamonaviy texnika va texnologiyalari asosida mahalliy xomashyo – yuz foiz paxtadan momiq sochiqlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonaning sifat va tashqi ko‘rinishda xorijnikidan aslo qolishmaydigan mahsulotlari tez orada xalqaro bozordan munosib o‘rin egalladi. 

Ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mahsulot turi, sifati va hajmining ortishida muhim ahamiyat kasb etdi. Hozirda bu yerda “ART SOFT TEX” yorlig‘i bilan turli bichim va rangdagi momiq sochiqlar, kattalar va bolalarga mo‘ljallangan xalat hamda choyshab kabi 350 dan ortiq turdagi import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar tayyorlanmoqda. Mahsulotning 90 foizi Rossiya va bir qator Yevropa davlatlariga eksport qilinayotir. 

 

Akramjon Sattorov, O‘zA

Поделиться