O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi
2017-11-29 | Jamiyat
Joriy yilning 29-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidagi Yetakchilar Kengashining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik tizimidagi tashkilot, muassasa va korxonalarning Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari, iqtidorli yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari–qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi–O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quronboyev va boshqalar mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan yoshlarga o‘zining bor bilim va iqtidorini yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga yo‘naltirishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganligini, bu boradagi ishlarga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish bilan bog‘liq vazifalarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidagi Yetakchilar Kengashining raisini saylash masalasi ko‘rib chiqildi. Vazirlikning Byudjet tashkilotlari va muassasalarini moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari R.Nurjanov Yetakchilar Kengashining raisi etib saylandi.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjatda tomonlarning sohadagi umumiy manfaatlaridan kelib chiqib, chora-tadbirlarni amalga oshirish va mushtarak maqsadlarga erishish yuzasidan o‘zaro strategik hamkorlik faoliyatini ta’minlash, jumladan, yoshlar o‘rtasida qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlarida fan va texnika yutuqlarini, zamonaviy resurslar va suvni tejovchi agrotexnologiyalarni, ilg‘or mahalliy va xorijiy tajribalarni joriy qilishga doir targ‘ibot ishlarini olib borish, qishloq xo‘jaligini jadal hamda mutanosib ravishda rivojlantirish, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ishlab chiqarish va realizatsiya qilishga jalb qilish orqali yoshlarning bandligi va daromadlarini oshirish, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqaror darajasini saqlab qolishga yo‘naltirilgan kompleks maqsadli, tarmoq va hududiy dasturlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini ta’minlash bilan bog‘liq qator vazifalar belgilab olindi.