O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiyaga qarshi kurashishda qanday kamchiliklar bor?
2017-11-29 | Jamiyat
Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunida ko‘rsatilgan bunday xatti-harakatning sodir etilishi qonuniy asoslarga qurilgan jamiyat muhiti buzilishi, taraqqiyotga to‘siq qo‘yishi bilan xavflidir. Shuning uchun ham korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Toshkent shahar idoralararo komissiyasi rahbarining “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi”ning Toshkent shahridagi ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.
Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi B.Matmurodov va boshqalar mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, unga yo‘l qo‘ymaslik hamda bunday salbiy illatga qarshi samarali kurash olib borish alohida e’tiborda.
Bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish va ijrosini ta’minlashda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi izchil faoliyat yuritmoqda.
Bosh prokuraturaning uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Qobilovning aytishicha, aholida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishga oid targ‘ibot ishlari kuchaytirilgan. Mavzu bo‘yicha tayyorlangan videoroliklar muntazam namoyish qilinayotir. Idora va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ishlar tanqidiy tahlil qilib borilmoqda. To‘lov intizomini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha yuzaga kelgan 7,2 trillion so‘m qarzdorlik undirilgan.
– Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida huquqiy targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda, – deydi Toshkent shahar prokurori, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Toshkent shahar idoralararo komissiyasi raisi Sherzod Obloqulov. – “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”da mahallalarda “Ma’naviyat soatlari” tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, adliya, statistika, moliya, soliq, bojxona boshqarmalari va ularning tuman bo‘linmalarida davlat xizmatchilarning odob-axloq qoidalari mazmun-mohiyati keng tushuntirib borilmoqda. Joriy yilning o‘tgan 9 oyida korrupsiya bilan bog‘liq 319 murojaat tushgan bo‘lsa, ularning barchasi qonun doirasida hal etildi.
Toshkent shahar prokuraturasi organlari tomonidan uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, 2017-yilning 9 oyi davomida qo‘zg‘atilgan va sudga oshirilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilga nisbatan 26 foizga, javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar soni esa qariyb 40 foizga kamaydi. Tergov qilingan jinoyat ishlari yakuni bo‘yicha har bir qonunbuzarlik holati yuzasidan tegishli idoralarga taqdimnomalar kiritilib, aniqlangan qonunbuzarlik holatlarini bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.
Majlisda senatorlar qator mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan korrupsiyaga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini qayd etdi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka to‘laqonli ahamiyat berilmagan. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy so‘rov va tadqiqotlar kamdan-kam o‘tkazilgan.
Senat a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Toshkent shahar prokuraturasining mas’ul xodimlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika va Toshkent shahar idoralararo komissiyalarining a’zolari va respublika komissiyasining ekspert guruhi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan majlis yakunida bildirilgan takliflar asosida qo‘mita qarori qabul qilindi.