O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tog‘ jinslari maydalanib, qizil rangdagi shifer ishlab chiqarildi

2017-11-28 | Iqtisodiyot

Milliy matbuot markazida «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan "Mahalliy xomashyodan qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish borasida belgilangan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

"O‘zqurilishmateriallari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari T.Muhammadjonov aholini sifatli qurilish materiallari bilan ta’minlash, tarmoq korxonalarini modernizatsiyalash orqali importni kamaytirib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan vazifalar haqida so‘z yuritdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 26-dekabrdagi “2017-2019-yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Mamlakatimizda barcha turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda. Sement, qurilish oynasi, keramik plitkalar, quruq aralashmalar, shifer, gips, devorbop materiallar shular sirasidandir. Shuningdek, joriy yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 10 ta loyiha amalga oshirilib, 63,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 

– Energiyatejamkor va samarador texnologiyalarni joriy qilish orqali import o‘rnini bosadigan va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar turini ko‘paytirish doimiy e’tiborda, – deydi “Ohangaronshifer" korxonasi bosh muhandisi Sherzod Xushnazarov. – Tog‘ jinslarini maydalab, qizil rangdagi shifer ishlab chiqardik. Ming dona ana shunday mahsulotning quyoshga va sovuqqa chidamliligi sinovdan o‘tkazilmoqda. Angren tuprog‘idan yarim tayyor loy tayyorlab, kulollarga yetkazib bermoqdamiz. Ular tarixiy obidalarni ta’mirlashda qo‘llanmoqda. 

Sement sanoati ham izchil modernizatsiya qilinmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda 14 sement zavodi faoliyat yuritmoqda. “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati yurtimizdagi yetakchi korxonalardan biri. Bu yerda yiliga qariyb 3,5 million tonna sement tayyorlanadi. Shuningdek, “Ohangaronsement”, “Quvasoytsement” va “Bekobodsement” aksiyadorlik jamiyatlarida 4 million tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqarilayotir. 

– Yangi turdagi portlandsement ishlab chiqarishni boshladik, – deydi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati sifat bo‘limi boshlig‘i Zayniddin Qurbonov. – Aylanma pechlar modernizatsiya qilinib, mahsulotning sifati oshirilmoqda. Mahalliylashtirish jarayonida quruq qurilish aralashmalari, plitalar, temirbeton tayanch ustunlari, lotoklar ishlab chiqarishni boshladik. 

– Kvars qumini xorijdan xarid qilardik, – deydi «Kvars» aksiyadorlik jamiyati bosh texnologi Saidjon G‘aniyev. – Mahalliylashtirish dasturlari doirasida 2016 yildan buyon bu xomashyo Navoiy viloyatidan olinmoqda. Joriy yildan avtomobil va qurilish sanoati uchun import o‘rnini bosadigan turli qalinlikdagi oyna ishlab chiqarish loyihasini boshladik. Kuniga 400 tonna oyna ishlab chiqariladigan liniya kelgusi yildan to‘liq quvvatlarda ishlaydi. 

Matbuot anjumanida joriy yilda eksportyor korxonalar soni 42 tadan 50 taga, eksport mahsulotlarining turi esa 40 tadan 45 taga yetkazilgani, qator xorijiy davlatlarda dilerlik tarmoqlari va savdo uylari tashkil etish choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi. 

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Поделиться