O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudlarining yangi binosi foydalanishga topshirildi
2017-11-28 | Jamiyat
Davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, tuman faollari va yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar odil sudlovga erishish darajasi va sud tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotir.
– Uzoq yillar sud-huquq tizimida ishladim, – deydi mehnat faxriysi N.Bobojonov. – Bizning davrda sudyalarga e’tibor ham, bugungidek sharoit ham bo‘lmagan. Tuman sudlarida hatto xizmat avtomashinasi yo‘q edi. To‘rt-besh sudya ko‘rimsizgina bitta xonada faoliyat yuritganmiz. Bugun yaratilayotgan sharoit va qulayliklar kishining havasini uyg‘otadi. Har bir sudya uchun alohida xona, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan.
Ikki qavatli yangi binoda “Jayhun oks qurilish bunyodkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 1 milliard 290 million so‘mlikdan ortiq qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Binoda ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudlari uchun sud zali, xodimlar, fuqarolarni qabul qilish xonalari zamonaviy jihozlangan. Yozgi va qishki kutish zallari bunyod etilgan.
– Sud-huquq tizimida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar sohani tubdan yangilab, odil sudlovga erishishda muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tumani sudi raisi J.Xudoyberdiyev. – Bunga sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlashda yuz bergan o‘zgarishlar ham yaqqol misol. Bu xodimlarimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va hamisha adolat tomonida bo‘lish mas’uliyatini yanada mustahkamlaydi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA