O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Konstitutsiya va yoshlar
2017-11-28 | Jamiyat
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – demokratik jamiyat qurishning huquqiy poydevori» mavzuidagi davra suhbati o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston XDP markaziy kengashi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, huquqshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Konstitutsiyamizda jamiyatimizning barcha qatlamlari qatorida yoshlarning ham siyosiy, shaxsiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquq va erkinliklari kafolatlangani, ularning ta’lim-tarbiya olishi, o‘z iqtidorini namoyon qilishi, salomatligini mustahkamlashi belgilab qo‘yilgani ta’kidlandi. Bosh qomusimizning mazmun-mohiyatini o‘rganish yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan birga ularda vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
– Partiyamiz o‘z dasturida yoshlarni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ko‘maklashishni asosiy maqsad va vazifalardan biri sifatida belgilab olgan, – deydi O‘zbekiston XDP markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i Nilufar Yo‘ldosheva. – Zero, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lida yoshlarning o‘rni bo‘lakcha. Shu sabab siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va boshqa barcha jabhalardagi islohotlarda, har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlarning ishtiroki va daxldorligini yanada kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Tadbirda mazkur vazifalarga oid chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda uni amaliyotga tatbiq qilish borasidagi masalalar atroflicha muhokama etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA