O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shoshilinch tibbiy yordam muassasalari reanimobillar bilan ta’minlandi
2017-11-28 | Jamiyat
Prezidentimizning 2017-yil 16-martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hududiy filiallari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va maxsus texnikalar bilan ta’minlanmoqda.
Jizzax viloyati tuman va shaharlaridagi shoshilinch tibbiy yordam muassasalariga "HYUNDAI” rusumli 9 zamonaviy reanimobil topshirilgani ham fikrimiz isbotidir.
Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash ishlari davomida shoshilinch tibbiy yordam muassasalarida bemorlarga tez, malakali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu muassasalar ma’lumotlarni uzatishning yagona tarmog‘iga birlashtirilib, viloyatning barcha hududi bo‘yicha tez tibbiy yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlashni ta’minlaydigan muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik xizmati faoliyat ko‘rsatmoqda.
Viloyat shoshilinch tibbiy yordam muassasalaridagi barcha sanitar avtotransportlariga GPS navigatori o‘rnatilgani katta qulaylik yaratish bilan birga, xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirmoqda. Endi chaqiriqda yurgan tez yordam brigadasi yo‘nalishini dispetcherlik punkti tomonidan doimiy nazorat qilish imkoniyati yaratildi.
– Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan reanimobillarda maxsus tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoit mavjud, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax viloyati filiali bosh shifokori Sh.Yusupov. – Ya’ni, tez tibbiy yordam brigadasi og‘ir ahvoldagi bemorga qon to‘xtatish, sun’iy nafas oldirish va boshqa kichik amaliyotlarni yo‘lda, shifoxonaga yetgunga qadar amalga oshirishi mumkin.