O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Surxondaryoda bayram shukuhi

2017-11-28 | Jamiyat

Surxondaryo viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. 

Prezidentimizning 2017-yil 20-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Bayram oldidan mahalla, ta’lim va tibbiyot muassasalari, korxona va tashkilotlarda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotir. Ko‘cha va xiyobonlar bayramona bezatilib, tinch-osoyishta va farovon turmushimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonunimizni targ‘ib etuvchi banner va pannolar o‘rnatilmoqda. Yangi korxonalar, ijtimoiy soha obyektlari, servis va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini foydalanishga topshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

“Huquqiy savodxonlik oyligi” doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, shahar, tuman bo‘linmalari huquq-tartibot idoralari, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda turli tadbirlar tashkil etib, Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlarga sodda, xalqchil misollar bilan tushuntirishga alohida e’tibor qaratmoqda. 

– Chekka, olis va qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarda targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish va aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha alohida reja-jadval ishlab chiqilib, barcha tadbirlar shu asosda olib borilmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari F.Sharipov. – Shu kungacha Boysun, Uzun, Sariosiyo, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Sherobod, Jarqo‘rg‘on tumanlarining tog‘li va chekka mahallalarida ko‘plab uchrashuv, davra suhbati va boshqa tadbirlar tashkil etib, xalqimiz erishayotgan olamshumul yutuqlarda Bosh qomusimizning o‘rni va ahamiyati atroflicha tushuntirildi. Oylik doirasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Ayni kunlarda umumta’lim maktablari o‘quvchilarining “Eng yaxshi tayyorlangan insho”, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilarining “Eng yaxshi tayyorlangan yozma ish”, oliy ta’lim muassasalari talabalarining “Eng yaxshi tayyorlangan tahliliy maqola” yo‘nalishi bo‘yicha “Konstitutsiya bilimdoni” tanlovining shahar va tuman bosqichlari o‘tkazilmoqda. 

– Talaba-yoshlarimiz tanlovda faol ishtirok etayotgani Asosiy qonunimizda belgilab qo‘yilgan qoida va tamoyillar hayotimizni yanada osoyishta va farovon etishga xizmat qilayotganining yorqin ifodasidir, – deydi Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov. – Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda, qonun ustuvorligini ta’minlashda Konstitutsiyamizning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Barcha zamonaviy sharoitlarga ega oliy ta’lim muassasamizda targ‘ibot guruhi a’zolari, huquqshunos olimlar, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari tomonidan “Konstitutsiyani o‘rganamiz”, “Konstitutsiya – mening taqdirimda” singari mavzularda o‘tkazilayotgan uchrashuv, ochiq dars, muloqot va boshqa huquqiy-ma’rifiy tadbirlarda ana shular haqida atroflicha fikr yuritilayotir. Bayram arafasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab talabalar konferensiyasini tashkil etishni rejalashtirganmiz. 

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Поделиться