O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Buxoroda “Yosh fermer – 2017” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi

2017-11-28 | Iqtisodiyot

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi, viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 11 nafar yosh fermer qatnashdi. 

Tanlovda yosh fermerlarning mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi izlanishi, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tashkil etgan holda sohaga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni jalb etish borasidagi va boshqa yutuqlariga e’tibor qaratildi. 

Ishtirokchilar o‘z xo‘jaliklarida yetishtirgan paxta, g‘alla, chorvachilik mahsulotlari ko‘rgazmasini namoyish qildi. Savol-javoblar orqali ularning fermerlik boshqaruvi, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy bilimi baholandi. 

Shofirkon tumanidagi “Olimjon oq oltini” fermer xo‘jaligi rahbari Olim Salimov birinchi o‘rinni egalladi. 

– Dehqonchilikda ishning ko‘zini bilish, hisob-kitobni to‘g‘ri yuritish juda muhim, – deydi O.Salimov. – Bu borada katta tajribaga ega otam bilan bamaslahat ish tutishda katta hikmat bor ekan. Bu yil 16,6 gektar yerda g‘o‘za parvarishini obi-tobida bajarib, 66 tonnadan ziyod paxta yetishtirdik. 10 gektarda ekilgan g‘alladan ham barakali xirmon uydik. Xo‘jaligimiz ko‘p tarmoqli. 86 bosh naslli qoramolning 35 boshi sog‘in sigirlardir. Har biridan kuniga o‘rtacha 17 litrdan sut sog‘ib olinadi. Ikki gektar intensiv bog‘imiz kelgusi yil hosilga kiradi. Baliqchilikni ham yo‘lga qo‘ydik. Hademay, bir martalik plastmassa idish ishlab chiqaradigan seximiz faoliyat boshlaydi. 

Kogon tumanidagi “Oqqosh Bo‘ron zamini” fermer xo‘jaligi rahbari Nozigul Jo‘rayeva ikkinchi, G‘ijduvon tumanidagi “Adolat zamini yog‘dusi” fermer xo‘jaligi rahbari Husniddin Sayfiyev uchinchi o‘rinni egalladi. 

G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi. 

 

Erkin Yodgorov, O‘zA

Поделиться