O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jinoyatning oldini olgan afzal
2017-11-28 | Jamiyat
Ma’muriy ishlar bo‘yicha Olmazor tumani sudi hamda tuman ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida mavjud muammolar va ularni hal etish masalalari, ma’muriy huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda belgilangan talablar ijrosi muhokama etildi.
– Tadbirda jinoyatchilikning oldini olish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish borasida reja tuzib oldik, – deydi Ma’muriy ishlar bo‘yicha Olmazor tumani sudi raisi vazifasini bajaruvchi Sherbek Inomjonov. – Shuningdek, ichki ishlar organlari tomonidan ma’muriy sudlarga ko‘rib chiqish uchun yuboriladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda talab etiladigan hujjatlar va bu borada yagona sud amaliyotini joriy etish, jarayonda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalalari yuzasidan tushunchalar berildi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida o‘rtaga tashlangan tanqidiy fikrlar, berilgan topshiriqlar yuzasidan aniq vazifalarni belgilab oldik, – deydi Olmazor tumani ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Akmal Bahromov. – Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan harakatlarimiz ijobiy samara berishiga ishonamiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz, kuch-quvvatimiz yetarli.
Tuman ichki ishlar boshqarmasida 135 profilaktika inspektori xizmat qiladi. Ularga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida uy-joy, imtiyozli kredit asosida avtomashinalar ajratilmoqda. Bugungi kunga qadar 64 profilaktika inspektori “Matiz” avtomashinasi bilan ta’minlandi. Bu kabi sa’y-harakatlar ularni fidoyilik bilan xizmat qilishga undaydi, albatta.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 10 oyida tuman hududida 970 jinoyat sodir etilgan.
– Albatta, sodir etilgan jinoyat baribir fosh etiladi, jinoyatchi jazosini oladi. Lekin uning oqibatini bartaraf etish mushkul masala, – deydi A.Bahromov. – Demak bizning asosiy maqsadimiz jinoyatchilikning oldini olish. Bu borada tizimli chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yganmiz, barcha imkoniyatlarimizni ishga solayapmiz. Jumladan, ta’lim muassasalarida, mahallalarda profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda, yoshlarimizga har bir jinoyatning oqibatlari haqida tushunchalar beryapmiz. Profilaktika inspektorlari tunu kun hududlarda navbatchilik qilmoqda.
Ulug‘bek Asrorov, O‘zA