O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Abu Ali ibn Sino ilmiy va madaniy merosining ahamiyati hamda uning ilm-fan taraqqiyotiga ta’siri

2017-11-28 | Jamiyat

Buxoroda “Abu Ali ibn Sino ilmiy va madaniy merosining ahamiyati hamda uning ilm-fan taraqqiyotiga ta’siri” mavzusida IX Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Ibn Sino jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika Fanlar akademiyasi, Buxoro viloyati hokimligi va Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Isroil, Hindiston, Yaponiya, Rossiya, Turkiya va Qozog‘istondan taniqli olimlar ishtirok etdi.

Anjuman jahonda Avitsenna nomi bilan mashhur bo‘lgan buyuk ajdodimizning ko‘p qirrali ilmiy-madaniy merosini o‘rganish, uning ta’limotidagi turli yo‘nalishlarga oid ma’ruzalarni muhokama qilish, xalqaro tajriba almashish, xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, olimlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etildi. 

Tadbirda qomusiy olimning tibbiyot bilan birga falsafa, kimyo, matematika, mantiq, fizika, musiqa, geologiya, jug‘rofiya, astronomiya, she’riyat kabi sohalardagi samarali faoliyati Mikelanjelo, Leonardo da Vinchi, Frensis Bekon va boshqa dunyo tan olgan buyuk daholar ijodiga ulkan ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlandi.
 
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Abu Ali ibn Sino 450 dan ziyod asar yozgan. Afsuski, ularning 242 tasi bizgacha yetib kelgan, xolos. Eng mashhur asari tibbiyotning hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, qomusi sifatida e’tirof etilgan “Tib qonunlari” hisoblanadi. Kasallikning kelib chiqishi, alomatlari, davolash usullari, oddiy dorilar tayyorlash, dorishunoslik, salomatlikni asrashda sog‘lom turmush tarzi tamoyillari va boshqa jihatlar mufassal yortilgan bu kitob Yevropaning turli tillariga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilgan. Qariyb besh asr davomida qit’aning tibbiyot o‘quv yurtlarida darslik sifatida o‘qitilgani ham uning noyobligidan dalolat. 

Anjumanda Abu Ali ibn Sinoning tibbiyot, xalq tabobati, dorishunoslik rivojidagi o‘rni, uning aniq va tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar ravnaqiga qo‘shgan beqiyos hissasi, sog‘lom turmush tarziga oid qarashlari, allomaning ilmiy merosida ma’rifat va madaniyat tamoyillariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
 
– Abu Ali ibn Sino ilmiy merosiga mamlakatimizda ham qiziqish katta, – deydi Turkiyadagi Baxcheshehir universiteti professori Kechkinbara Qodirjon. – Turkiyada allomaning asarlari va ularga oid yangi ilmiy nashrlar deyarli har yili chop etiladi. Ularning ayrim namunalarini Buxoro davlat tibbiyot institutiga tuhfa qildik. Anjumanda ta’kidlanganidek, buyuk ajdodingiz ilmiy merosi shu qadar ulkan ummonki, uni o‘rgangan sayin yangi-yangi javohirlar topaverasiz. Mazkur anjuman Ibn Sinoning boy merosini o‘rganishda dunyo olimlari hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Abu Ali ibn Sino ilmiy merosida falsafaga tegishli asarlar alohida o‘rin egallaydi. Uning falsafiy qarashlari shakllanishida Arastu va Forobiyning ta’siri katta. Lekin Ibn Sino falsafada o‘ziga xos maktab yaratgan betakror mutafakkir ekanini butun jahon keng e’tirof etgan. Anjumanda ham bu fikr alohida ta’kidlandi. 

– Islom ta’limotiga asoslangan Ibn Sino falsafasi merosi umuminsoniy ahamiyatga ega, – deydi Isroildagi “Avitsenna” fondi raisi, professor Mixail Sach. – U o‘zidan keyingi nafaqat islom, balki yahudiy va nasroniy falsafiy tafakkuriga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Bunday o‘lmas ta’limot davr chegarasini bilmaydi. Demak, u barcha zamonlarda ezgulikka, ilm-fan taraqqiyotiga, dunyoni anglashga xizmat qilaveradi. 

Ibn Sino merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda Ibn Sino jamoat fondining faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotir. 

– Keyingi yillarda turli xorijiy tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirmoqdamiz, – deydi Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi N.Mahmudov. – Ayniqsa, Fransiyadagi “Avitsenna” assotsiatsiyasi va Isroildagi “Avitsenna” fondi ishtirokida buyuk ajdodimizning nafaqat turli sohalardagi ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, balki xorijda bu boradagi tajribani ommalashtirishda samarali hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Konferensiyada jamoat fondi qoshida Ibn Sino merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro ishchi guruhi tashkil etish haqidagi tashabbusimiz xorijlik olimlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ayni paytda xalqaro hamkorlarimiz bilan tibbiyot sohasini isloh qilishda xorijda erishilgan eng yaxshi yutuq va tajribalarni o‘rganish hamda milliy tajribamiz bilan uyg‘unlashtirgan holda, uni tatbiq etish bo‘yicha muzokaralar olib borayotirmiz. 

Anjumanda buyuk mutafakkir ilmiy merosini targ‘ib qilish, uning tavsiyalarini amalda tatbiq etgan bir guruh olim va tashkilotlarga o‘tgan yili Fransiyada ta’sis etilgan Ibn Sino xalqaro mukofoti topshirildi. 

Anjuman doirasida mamlakatimiz va xorijlik olimlar tomonidan Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari uchun mahorat darslari o‘tkazildi. Ibn Sino jamoat fondi bilan mazkur oliy o‘quv yurti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Toshkent davlat sharkshunoslik institutida xorijiy olimlarning ma’ruzalari tinglandi. 

Anjuman ishtirokchilari Abu Ali ibn Sino tug‘ilgan Afshona qishlog‘ida bo‘lib, uning haykali poyiga gul qo‘ydi va alloma hayot yo‘li haqida hikoya qiluvchi muzey bilan tanishdi. 

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

 

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA

Поделиться