O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Namanganda 42,9 ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish rejasi ishlab chiqilgan

2017-11-27 | Iqtisodiyot

Mamlakatimizda qish-bahor mavsumi uchun meva-sabzavot mahsulotlarini zaxiraga g‘amlash, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha davlat buyurtmasi tizimi joriy qilingan. 

Prezidentimiz raisligida joriy yil 20-noyabr kuni bozorlarni qish-bahor mavsumida ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ularni qayta ishlash ko‘lamini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, ho‘l meva-sabzavotlar eksportini kengaytirish, shuningdek, poliz va meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, uzum xarid qilish bo‘yicha 2018-yilga mo‘ljallangan davlat buyurtmasini shakllantirish vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. 

Yig‘ilishda ichki bozorda meva-sabzavot mahsulotlari narxining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi tuzilgani ta’kidlandi. Import orqali bozorni tanqis va yuqori narxdagi mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinib, hududlar kesimida 490 ming tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini qish-bahor mavsumi uchun g‘amlash parametrlari tasdiqlangani qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari qish-bahor mavsumida xalqimiz dasturxoni sarxil mevalar, sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘kin bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. 

Namangan viloyatida ham qish va bahor oylarida bozorlar hamda aholi dasturxoni, ijtimoiy muassasalar ta’minoti uzluksizligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasi yaratilmoqda. 

Joriy yilda viloyat bo‘yicha fermer va dehqon xo‘jaliklari tasarrufidagi 16 ming 788 gektar yerda kartoshka, 8 ming 291 gektar maydonda sabzi, 4 ming 898 gektarda sholi va 4 ming 977 gektar yerda piyoz yetishtirilgan. Poliz va sabzavot mahsulotlarini yetishtirishda takroriy ekin imkoniyatlaridan samarali foydalanildi. Jumladan, g‘alladan bo‘shagan 12 ming gektarga yaqin maydonda kartoshka, sabzi va sholidan qishki zaxira uchun yetarli hosil yetishtirildi. 

– Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, qish-bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi, – deydi Namangan viloyati iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari D.Tursunov. – Viloyatda kartoshka, piyoz, sabzi, sholi kabi to‘rt turdan iborat 42,9 ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish rejasi ishlab chiqilgan. Ayni paytda ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari, ulgurji savdo korxonalari va dehqon bozorlari tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari ombori hamda muzlatkichlarga joylashtirilmoqda. Bugungi kunga qadar 4 ming tonnaga yaqin kartoshka, 9 ming 200 tonnadan ziyod piyoz, 1 ming tonnadan ko‘proq sabzi va 1 ming 800 tonnaga yaqin sholi zaxiraga qo‘yildi. Jamg‘arilgan mahsulotlar 16 ming tonnadan oshdi. Endi pishib yetilayotgan kech kuzgi kartoshka va sabzini yig‘ishtirib olish ishlari davom etmoqda. 

Viloyatda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash maqsadida umumiy sig‘imi 48 ming tonnadan ziyod 41 maxsus va muzlatkichli ombor tashkil etilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Tillaxon” xususiy korxonasi tomonidan 2 ming tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega muzlatkichli omborxona ishga tushirildi. Bundan tashqari, bir qator fermer xo‘jaliklari, ijtimoiy soha muassasalari, dehqon bozorlari va boshqa subyektlarda mahsulot saqlashga mo‘ljallangan 600 ga yaqin omborxonaga zaxira qo‘yilmoqda. 

Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish bo‘yicha viloyat shtabida agrofirma, fermer xo‘jaliklari bilan mahsulot jamg‘arishga jalb etilgan subyektlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar ijrosi muntazam tahlil qilib borilmoqda. Kunlik tahlil natijalariga ko‘ra, shartnomalarning katta qismi bajarilish arafasida. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasini yaratish ishlarini dekabr oyining dastlabki haftasida yakunlash maqsadida barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. 

 
Akramjon Sattorov, O‘zA

Поделиться