O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Arnasoy, Zafarobod va Paxtakor tumanlaridagi dori-darmonga muhtoj oilalarga 7 million so‘mlik dori tarqatildi
2017-11-27 | Jamiyat
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholining turmush sharoitini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar aholining davlatdan rozi bo‘lib yashashi va kelajakka ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Aholining kundalik ehtiyojlarini qondirishda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, mavsumni betalafot o‘tkazish dolzarb vazifa hisoblanadi. Qish mavsumi boshlanishi bilan yanada muhim ahamiyat kasb etadigan bu vazifalar hududiy davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan qanday bajarilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir, issiqlik, elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan ta’minlash, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini 2017/2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatda amalga oshirilgan ishlar, mavjud ahvol, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni o‘z vaqtida bartaraf etish choralari sektorlar kesimida tahlil qilindi.
Qish mavsumiga tayyorgarlikni o‘rganishda ishchi guruh aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi. Mavsumga tayyorgarlik rejasida viloyat bo‘yicha 260 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘i va 80 transformator punktini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini bajarish belgilangan bo‘lib, amalda 164,3 kilomerlik elektr uzatish tarmog‘i tortilgan, 69 transformator o‘rnatilgan.
Respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilib, 5 kilometrlik elektr havo tarmog‘i tortildi, 15,5 kilometr uzunlikdagi tarmoqlar ta’mirlandi. 131 temir-beton ustunlar o‘rnatilib, 21 transformator punkti ta’mirdan chiqarildi. O‘ta katta yuklama bilan ishlayotgan 3 transformator punkti katta quvvatlisiga almashtirildi va 5 yangi transformator punkti o‘rnatildi.
Bugungi kunda viloyatda 138 ming xonadon tabiiy, 63 ming 800 dan ziyod xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. Respublika ishchi guruhi tomonidan qo‘shimcha 1 ming 57 tonna suyultirilgan gaz ajratildi. Suyultirilgan gaz ta’minotida uzilishlar yuz berayotgan Arnasoy, Baxmal, G‘allaorol, Mirzacho‘l, Forish, Yangiobod, Sharof Rashidov tumanlaridagi 2 ming 337 xonadon gaz ballonlari bilan ta’minlandi.
Qo‘shimcha ajratilgan gaz ballonlarini yetkazib berish maqsadida 10 “Isuzi” rusumli maxsus avtotransport vositasi olish uchun mablag‘ to‘liq o‘tkazildi. Ulardan 2 tasi olib kelinib, 8 tasi keltirilishi nazoratga olindi.
Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, qaramog‘ida nogironi bo‘lgan oilalarga homiylar hisobidan 248 gaz balloni, 94 gaz plitasi bepul tarqatildi.
Aholining real ehtiyoji hisobga olinib, viloyatga 2018 yilda joriy yilga nisbatan 3 ming 110,1 tonna ko‘p suyultirilgan gaz limiti ajratildi.
Viloyat bo‘yicha 2017 yilda aholi va ijtimoiy soha muassasalariga rejadagi 28 ming 836 tonna ko‘mirning hozirgacha 17 ming 905 tonnasi yetkazib berilgan xolos. O‘rganishlar natijasida aholi va ijtimoiy soha obyektlariga qo‘shimcha 8 ming 894 tonna ko‘mirga qo‘shimcha talab mavjudligi aniqlandi.
Respublika ishchi guruhining amaliy choralari natijasida hududga 3 kun mobaynida 40 vagonda 2 ming 760 tonna ko‘mir yoqilg‘isi keltirildi. G‘allaorol tumaniga 1 ming 35 tonna va Sharof Rashidov, Do‘stlik, Forish, Zarbdor va Zomin tumanlarining har biriga 345 tonnadan ko‘mir yetkazib berildi. Bundan tashqari, viloyatdagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va nogironi bor 500 xonadonga 73 tonna ko‘mir bepul tarqatildi.
– Hududimizdagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand olti oila bepul ko‘mir bilan ta’minlandi, – deydi Arnasoy tumanidagi “Cho‘lquvar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.Berdiyev. – Bu ish tabiiy gaz to‘liq yetib bormagan hududda yashayotgan xonadonlarga qishdan chiqib olish uchun juda katta ko‘mak. Bundan tashqari, tabiiy gaz, elektr tarmoqlaridagi nuqsonlar ham bartaraf etildi.
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi qator kamchiliklar ishchi guruh tomonidan joyida hal etildi. Jumladan, 24 aholi yashash mavzesida 840 metrga yaqin ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Sharof Rashidov, Zarbdor, G‘allaorol tumanlaridagi 4 ichimlik suvi quduqlariga suv nasoslari o‘rnatilib, 12 suv taqsimlash qurilmasi sozlandi. Natijada 3 ming 800 dan ziyod aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Jizzax shahridagi 16 va tumanlardagi 9 ko‘p qavatli uylarning tom va yer to‘la qismini ta’mirlash uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga 1,4 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilishi ta’minlandi.
Respublika ishchi guruhi aralashuvi bilan “Toza hudud” davlat unitar korxonasiga 12 assenzatsion texnika olish uchun byudjetdan 748,8 million so‘m mablag‘ ajratilishi hal etilib, 8 mashina yetkazib berilishi ta’minlandi. “Toza hudud” davlat unitar korxonasi G‘allaorol tumani filiali uchun ma’muriy bino ajratildi.
Viloyatda qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arishni o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Mahsulotlarni zaxiraga qo‘yish rejasining bajarilishi haqidagi ma’lumotlarda 5 ming 365 tonna ko‘rsatilgan bo‘lib, amalda 3 ming 492 tonna ekani aniqlandi. Ishchi guruh yordamida rejada belgilangan mahsulotlarni to‘liq jamg‘arish uchun tijorat banklari tomonidan 900 million so‘m kredit ajratildi.
Viloyat hududidagi eng chekka qishloqlar aholisi, nuroniylar, nogironlar va kam ta’minlangan 1 ming 682 nafar aholi chuqurlashtirilgan patronaj tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi barcha sohalardagi o‘zgarishlarda yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi, – deydi G‘allaorol tumanidagi Muquri qishlog‘ida yashovchi mehnat faxriysi Mavlon Turdiyev. – Bu g‘amxo‘rlik, ayniqsa, keksalarga katta qulaylik yaratayotir. Shifokorlar uyimizga kelib tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib ketganidan behad xursand bo‘ldim.
Arnasoy, Zafarobod va Paxtakor tumanlaridagi dori-darmonga muhtoj oilalarga 7 million so‘mlik dori tarqatildi. 40 nogironlik aravachasi yetkazib berildi.
Respublika ishchi guruhi tavsiyasi asosida viloyatdagi 585 nogiron, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, qishloqlardagi 153 oilaga 24 bosh qoramol, 81 bosh qo‘y va 480 tovuq tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda ijtimoiy sohadagi ko‘plab boshqa muammolar, aholining ariza va murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar hal etildi. Amalga oshirilgan ishlarning samarasi faqat hisobotlarda emas, davlatimizning g‘amxo‘rligi odamlar hayotida, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardan roziligida namoyon bo‘lmoqda.
Toshqul Beknazarov, O‘zA